Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish qachon boshlanadi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 28 iyunidan boshlanib, 5 iyulda yakunlanadi. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum qilindi.

Unda aytilishicha, mazkur yig‘ilishda saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish, prezident saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar hamda prezidentlik saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar ko‘rib chiqilgan.

Majlisda Saylov kodeksiga binoan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish 2023 yil 28 iyun kuni boshlanib, 2023 yil 5 iyul kuni yakunlanishi belgilangan va saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etishi qayd etib o‘tilgan.

Shuningdek, Prezident saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalarining bu yo‘nalishdagi qator vazifalari belgilab berildi hamda tegishli qaror qabul qilindi. MSKning “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori bilan 39 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 300 nafar mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 854 nafarni tashkil etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing