Prezident kecha jazolangan hokimga mashina sovg‘a qildi (video)
Olam
−
18 Sentabr 25885 2 daqiqa
Prezident Sadir Japarov O‘sh shahar hokimi Jenishbek Toktorboyevga xizmat avtomashinasini sovg‘a qildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmatiga tayanib “Turmush” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toktorboyev yangi avtomobilni kecha, 17 sentyabr kuni Bishkekka amaliy tashrifi chog‘ida Prezidentdan olgan.
“Prezident kecha Bishkekda bo‘lganida yangi mashinani hokimga taqdim etdi. U yerda yig‘ilishlar, anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Mashina dastlab shaxsiy sovg‘a sifatida taqdim etilgan bo‘lsa, endilikda rasmiy hisoblanadi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Ochiq manbalarga ko‘ra, hokimga taqdim etilgan rasmiy avtomobil Xitoyda ishlab chiqarilgan, bozor qiymati 17-18 ming dollar bo‘lgan LiXiang 19 modelidir. Hozirgi kurs bo‘yicha bu taxminan 1 million 800 ming somni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, Toktorboyev ushbu lavozimga 2025 yil 23 yanvarda tayinlangan edi. Joriy yilning iyul oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev “yaxshi mehnati uchun” Prezident Sadir Japarov nomidan shahar hokimi Jenishbek Toktorboyevga Changan X5 Plus avtomobilini sovg‘a qilgan edi. Bu Xitoyda ishlab chiqarilgan krossover, birinchi navbatda MDH mamlakatlariga eksport qilinadigan X5 Turbo versiyasi.
O‘shanda Qirg‘izistonda Changan X5 Plus narxi 11 ming 500 dollardan 13 ming 200 dollargacha bo‘lgan. Narx trim darajasiga va ishlab chiqarilgan yiliga bog‘liq. Masalan, 2025 yilda ishlab chiqarilgan 1,5 litrli dvigatelli Changan X5 Plus’ning Bishkekdagi o‘rtacha narxi 12 ming dollarni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avtomobil Prezident Sadir Japarov Jenishbek Toktorboyevga “xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani” uchun qattiq tanbeh berganining ertasiga sovg‘a qilindi. Hokimni jazolash uchun farmoyishga Prezident Sadir Japarov imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasining 71-moddasi, Prezidentning 2025 yil 4 iyundagi 175-sonli “Siyosiy davlat lavozimlari, maxsus davlat lavozimlari va siyosiy munitsipal lavozimlar to‘g‘risida”gi farmonining 2-qismi 8-bandiga muvofiq, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat kodeksining 88-moddasi 1-qismi 3-bandi bilan odob-axloq qoidalarini buzgan holda o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni to‘g‘ri bajarmagani uchun Jenishbek Shermamatovich Toktorboyevga qattiq tanbeh e’lon qilingan.
Live
Barchasi