PPX xodimiga musht tushurgan haydovchi qamoqqa olindi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrida mast holda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchi post-patrul xizmati xodimiga qo‘l ko‘targani, buning ortidan haydovchining jarayonga aralashgan ichki ishlar tizimida ishlovchi podpolkovnik akasi ishdan olingani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, PPX xodimiga qo‘l ko‘targan haydovchi qamoqqa olingan. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan B.P. ga (1990 yilda tug‘ilgan) nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining mazkur ajrimi bugun, 3 aprel kuni Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Sud muhokamasi yakunida birinchi instansiya sudining ajrimi o‘zgarishsiz, ayblanuvchining advokati keltirgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. 

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 497-34-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudining mazkur ajrimi uzil-kesil hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, hodisa joriy yilning 30 mart kuni tunda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ko‘chalarning birida sodir bo‘lgan. Leapmotor haydovchisi tortishuv yuzaga kelgani uchun 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan va davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi “avariya” sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotganini bildirgan. Murojaatga asosan tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirish chog‘ida mast holatda mashina boshqargan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tishni taklif qilgan. Xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi ularga faol qarshilik ko‘rsatib, musht tushirishgacha borgan.

Ushbu holat vazir o‘rinbosari polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida keskin muhokama qilindi va haydovchining akasi – podpolkovnik Sherzod Pardayev vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etildi.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l-transport hodisasi Sherzod Pardaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing