Mast holda YTH sodir etgan erkak PPX xodimiga musht tushirdi (video)
3-sahifa
−
02 aprel 14624 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida mast holda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchi post-patrul xizmati xodimiga qo‘l ko‘targani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 mart kuni tunda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ko‘chalarning birida Malibu va Leapmotor avtomashinalari ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Leapmotor haydovchisi tortishuv yuzaga kelgani uchun 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan va davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi “avariya” sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotganini bildirgan. Murojaatga asosan tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirish chog‘ida mast holatda mashina boshqargan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tishni taklif qilgan. Xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi ularga faol qarshilik ko‘rsatib, musht tushirishgacha borgan.
“Fuqaro xodimlarni so‘kib, haqorat qilayotgan ekan. Keyin biz uni jamoat joyida yurish qoidalarini buzayotganligi, xodimlarga bo‘ysunmayotganligi uchun tushuntirish ishlarini olib bordik. Biz bilan ichki ishlar bo‘limiga ketishini tushuntirganimizda dab-durustdan menga bitta mush tushirib qoldi”, deydi YPX xodimi.
Hodisani sodir etgan erkak qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan.
“Leapmotor avtomashinasini turtib oldim. To‘xtab nima bo‘ldi ekan deganimizda, kayfligim sababli u bilan g‘ijillashganimda, 102 ga qo‘ng‘iroq qilib, “GAI”larni chaqirgandi. Shu bilan birga PPS xodimlari ham kelgandi. Ichganligim sababli qo‘lim ko‘tarilib ketdi. Qilgan ishimdan mingdan ming pushaymonman, ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘rayman. Bu hol boshqa takrorlanmaydi. Qonun muqarrar ekan, mana javob berishga kelib turibmiz”, deydi Malibu haydovchisi.
Hozirda haydovchi protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu shaxsning qonunbuzarliklaridan jabrlangan fuqarolardan yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 raqamiga murojaat qilish so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli tumanida “Gelik” mashinasida 200 kmdan ortiqroq tezlikda harakatlangan shaxsga chora ko‘rilgan edi.
Live
Barchasi