Poytaxtda yana bir yashil bog‘ betonlab tashlandi(mi?)

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkent markazidagi sobiq “Bobur” bog‘i hududida qurilish tashkiloti tomonidan bino qurish uchun dastlabki betonlash ishlari olib borilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik faollari, mutaxassislar fikr bildirdi. QALAMPIR.UZ bu boradagi turli qarashlarni bir joyga to‘pladi.

Bloger Nikita Makarenko bog‘ning xaritadan ko‘rinishi ilova qilgan. Rasmda qizil chiziqni ko‘rish mumkin:

“Qizil chiziq parkning taxminiy chegarasini ko‘rsatadi. Qolgani esa bog‘ning daraxtlari vayron qilingan hududi. Aytishlaricha, Qurilish bosh boshqarmasi va Qurilish vazirligi [Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi – tahr.] bunga poydevor chuqurini qurish uchun “dobro” (ruxsat) bergan. Qiziq, bunday “dobro” qancha turadi?” deya kesatib yozgan bloger.

Shuningdek, huquqshunos, jamoatchilik faoli “Davletovuz” blogi asoschisi Qobil Hidirovning so‘zlariga ko‘ra, bu holat poytaxtda ilk marotaba sodir bo‘lmayati. Bundan oldin ham bir qator bog‘larda daraxtlarning kesilishi, yashil hududlarni betonlab tashlash kabi qonunga zid ishlar amalga oshirilgan.

“Toshkentda shundoq park kamyoblashib boryapti, bu “nafsi hakalak otganlar” shaharliklarning oxirgi soyasini, sokin aylanadigan go‘shasini ham betonlashtirmoqda, atrofini mashinaga to‘ldiradigan qurilishlarga aylantirmoqda. Avval ham aytganmiz, shahar bog‘lari jamoat mulki bo‘lib, u yer xususiy “qo‘llar”ga berilmasligi, talon-toroj qilinmasligi kerak. Parkning bosh maqsadiga xalaqit beradigan qurilishlarni amalga oshirmaslik zarur. O‘ylaymizki, hukumat parkni navbatdagi vahshiylikdan asrab qoladi. “Gulshan”, Abdulla Qodiriy bog‘lari biz uchun saboq bo‘lishi kerak”, deydi Hidirov.

Shuningdek, urbanist (shaharsoz) Iskandar Soliyev mazkur voqeaga munosabat bildirib, o‘zbek tiliga yangi so‘z – “Parkupatsiya” so‘zini kiritishni aytib, kinoya qilgan.

“O‘zbek tiliga yangi so‘zni kiritishni taklif qilaman! Parkupatsiya – qurilish qilish ilinjida nafsini tiyolmay yashil hududlarni egallab olish va amaldorlarni bunga ko‘ndirish. Yana bir bog‘ shiddat bilan egallanib yo‘q qilinmoqda”, deydi shaharsoz.

Shuningdek, bu holatga nisbatan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Vazirlikning munosabatida hozirda faqatgina mazkur holat o‘rganib chiqilayotgani, natijalar bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bobur bog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing