Polsha Rossiyaning razvedka samolyotlarini ushladi

Olam

image

Polsha havo kuchlarining ikkita MiG-29 qiruvchi samolyoti kecha, 30 oktyabr kuni ertalab Boltiq dengizi ustidagi Polsha havo hududi yaqinida Rossiyaning Il-20 razvedka samolyotini ushladi. Bu haqda Polsha Operatsion qo‘mondonligi xabar berdi.

Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish bu so‘nggi kunlardagi ikkinchi shunday hodisa ekanini ma’lum qilgan.

Polsha rasmiylariga ko‘ra, Rossiya samolyoti transponderi o‘chirilgan va parvoz rejasini taqdim etmagan holda, xalqaro havo hududida bo‘lgan. Polsha havo hududining buzilishi qayd etilmagan. 

“Navbatchi ekipajlar, uchuvchilar va xodimlarning yuqori darajadagi jangovar tayyorgarligi va professionalligi tufayli operatsiya tez, samarali va xavfsiz tarzda amalga oshirildi”, deyiladi xabarda. 

Polsha radiosining xabar berishicha, joriy yilning 29-30 oktyabr kunlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlari paytida razvedka samolyotini ushlash amalga oshirilgan. Polsha tun bo‘yi havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini saqlab turgan, so‘ngra havo kuchlari va NATO qiruvchi samolyotlari osmonga ko‘tarilgan.

Polsha 28 oktyabr kuni ham shunga o‘xshash hodisa haqida xabar bergan. O‘sha paytda Operatsion qo‘mondonlik Rossiyaning Il-20 samolyoti Boltiq dengizining xalqaro suvlari ustidan parvoz rejasisiz va transponderi o‘chirilgan holda uchib o‘tgani, ammo mamlakat havo hududiga kirmaganini xabar qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bu hodisalar haqida izoh bermagan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 sentyabr kuni 19 ta Rossiya uchuvchisiz uchish apparati Polsha chegarasini kesib o‘tgandi. Ularni ushlab olish uchun Polsha va boshqa NATO mamlakatlaridan qiruvchi samolyotlar joylashtirilgan. Varshava buni Rossiyaning qasddan hujumi deb e’lon qilgan va Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘ragan. Moskva ayblovlarni asossiz deb rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Pol'sha MiG-29

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing