Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi – Tramp

Olam

image

Bugun, 10 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik bo‘yicha muhim bayonot berdi. Uning aytishicha, ikki davlat AQSH vositachiligida muzokaralar o‘tkazgan va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.

“AQSH vositachiligida o‘tkazilgan uzoq kechgan muzokaralardan so‘ng Hindiston va Pokiston to‘liq va darhol o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishganini mamnuniyat bilan ma’lum qilaman. Bu ikki mamlakatni hushyorlik va donolik bilan harakat qilganlari uchun tabriklayman”, deb yozdi Tramp.

Ma’lumotni Pokiston Tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq tasdiqlagan. Bu bayonot ikki yadroviy davlat o‘rtasidagi xavfli eskalatsiyani yumshatish yo‘lida muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni general Asim Munir bilan telefon orqali suhbatda Hindiston bilan mojaroni hal qilishda yordam berishni taklif qilgani xabar qilingandi. Oldinroq esa Rubio Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan ham qo‘ng‘iroqlashib, tomonlarni vaziyatni yumshatishga chaqirgan.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi. 

Bugun, 10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Hindiston Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing