PKK tugatilishiga yaqin qoldi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiyada muholif Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK)ni tarqatib yuborish jarayonlari tezlashtirildi. Bu haqda kecha, 24 iyun kukni mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Turkiya o‘tgan yil noyabr oyida yangi huquqiy mexanizm yaratish rejalarini e’lon qilgan, ammo mamlakatdagi kurd siyosatchilari hukumatni bu borada juda sekin harakat qilayotganlikda ayblagan.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, davlatning asosiy tamoyillari va xalq qadriyatlariga putur yetkazmagan holda mazkur muammoni hal etish imkoniyati mavjud hamda tezlashtirishga doir zarur muhokamalar yakunlangach, tegishli qonun loyihasi qisqa muddat ichida parlament muhokamasiga kiritiladi.

“Biz tashkilotni tarqatib yuborish jarayonini tezlashtiruvchi huquqiy asos ustida ishlayapmiz. Zarur muhokamalar yakunlangach, mazkur qonun loyihasini ortiqcha kechiktirmasdan parlamentga taqdim etamiz. Davlatimizning xususiyatlari va xalqimizning qadriyatlaridan voz kechmagan holda bu muammoni hal qilish imkoniyatiga egamiz, deb ishonaman”, degan Erdo‘g‘an hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (Oq partiya) deputatlari oldida qilgan chiqishida.

Shuningdek, u jarayonning muhim qismi hisoblangan suriyalik kurd qurolli guruhlarini Suriya davlat tuzilmalariga integratsiya qilish ishlari ham ilgarilab borayotganini ta’kidlagan.

Xorijiy manbalarning qayd etishicha, so‘nggi oylarda Eron urushi va mintaqadagi beqarorlik xavotirlari tufayli mazkur jarayon sekinlashgan edi. Bu qadam esa Turkiya davlati va PKK o‘rtasidagi tinchlik jarayonida muhim siljish bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, PKK 1984 yildan beri Turkiyaning janubi-sharqida qurolli kurash olib borib keladi. Tashkilot dastlab mustaqil kurd davlatini barpo etishni maqsad qilgan bo‘lsa, keyinchalik avtonomiya va kurdlarning siyosiy huquqlarini kengaytirish talablarini ilgari surgan.

Turkiya va uning g‘arbiy ittifoqchilari tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan PKK rahbari Abdulloh O‘jalonning chaqirig‘idan so‘ng, 2025 yil may oyida qurol tashlash va o‘zini tarqatib yuborish haqida qaror qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya huquq-tartibot idoralari, kecha, 23 iyun kuni o‘tkazilgan terrorizmga qarshi operatsiyalar davomida 209 kishini hibsga olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing