Pentagon harbiylar uchun testosteron tekshiruvini vaqtincha bekor qildi
Olam
−
08:22 1151 2 daqiqa
AQSH Mudofaa vazirligi 30 yosh va undan katta harbiy xizmatchilarda testosteron yetishmovchiligini majburiy tekshirishni nazarda tutuvchi yangi klinik qo‘llanmani vaqtincha bekor qildi. Bu haqda tashkilot o‘z rasmiy saytida xabar berdi.
Pentagon mazkur qo‘llanmani 2 sentyabr kuni e’lon qilgan, ammo oradan bir kun o‘tib hujjat va vazirlik matbuot kotibi Shon Parnellning unga hamroh bayonoti saytdan olib tashlangan.
AQSH rasmiysi qo‘llanma “yangilanishlar kiritish uchun vaqtincha bekor qilingani”ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha avvalgi vaqtinchalik ko‘rsatmalar amalda qoladi.
Yangi qoidalar faol xizmatdagi va zaxiradagi 30 yoshdan katta harbiylarning salomatligini har yilgi tibbiy ko‘rik doirasida tekshirishni nazarda tutgan edi. Unda testosteron darajasining pastligi harbiy xizmatga tayyorgarlik va jismoniy bardoshga ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Qo‘llanmaga ko‘ra, erkak harbiylar dastlab maxsus so‘rovnomadan o‘tkazilishi, zarurat bo‘lsa, qon tahlili orqali testosteron miqdori tekshirilishi kerak edi. Testosteron yetishmovchiligi aniqlangan holatlarda gormonal davolash masalasi ham ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Ayol harbiylar uchun esa tekshiruv gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq holatlar, jumladan charchoq va hayz siklidagi o‘zgarishlarni baholashni o‘z ichiga olgan. Gormonal terapiya esa faqat muayyan tibbiy holatlarda tavsiya qilinishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tashabbus AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset tomonidan ilgari surilgan. Uning maqsadi harbiy xizmatchilarning salomatligini yaxshilash orqali qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirishdan iborat ekani bildirilgan.
Biroq yangi tartib tibbiyot mutaxassislari tomonidan tanqid qilindi. Ayrim ekspertlar barcha 30 yoshdan katta harbiylarni testosteron yetishmovchiligi bo‘yicha majburiy tekshirish zarurati ilmiy jihatdan yetarlicha asoslanmaganini ta’kidladi.
Mutaxassislar, shuningdek, testosteron terapiyasidan ortiqcha foydalanish yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolar va bepushtlik kabi xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shu bilan birga, ayrim shifokorlar yangi yondashuvni qo‘llab-quvvatlagan. Ular testosteron va boshqa gormonlar bilan bog‘liq muammolarni erta aniqlash harbiy xizmatchilarda jiddiy kasalliklarni o‘z vaqtida davolashga yordam berishi mumkinligini aytgan.
AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifati va xavfsizligini nazorat qiluvchi boshqarmasi (FDA) joriy yilning sentyabr oyi o‘rtasida testosterondan tibbiy maqsadlarda foydalanish masalasini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda.
Pentagon yangi qo‘llanma qachon qayta e’lon qilinishi yoki unga qanday o‘zgartishlar kiritilishi haqida hozircha aniq ma’lumot bermagan.
Live
Barchasi