AQSH harbiylarining testosteron darajasi tekshiriladi – Hegset (video)

Olam

image

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset 30 yoshdan oshgan harbiy xizmatchilar yillik tibbiy ko‘rik doirasida testosteron yetishmovchiligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda Hegset X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan videomurojaatida so‘z ochdi.

Mudofaa vazirining videomurojaatida ushbu dastur harbiylarning “o‘z vazifalarini eng yuqori darajada bajarishi uchun testosteron miqdori yetarli bo‘lishini ta’minlash” maqsadida joriy etilayotgani aytilgan. 

Yangi tartibga ko‘ra, testosteron darajasi past aniqlangan harbiylarga ixtiyoriy asosda gormon almashtirish terapiyasi taklif etiladi. 30 yoshgacha bo‘lgan harbiylar uchun esa bunday tekshiruv ixtiyoriy hisoblanadi.

Hegset tekshiruvlar ayol harbiylarga ham tatbiq etiladimi-yo‘qmi, bu haqda aniqlik kiritmagan. Uning ta’kidlashicha, dasturning maqsadi sun’iy ravishda jismoniy ko‘rsatkichlarni oshirish emas, balki harbiylarning uzoq muddatli salomatligini saqlashdir.

Pentagon vakili Shon Parnell mazkur tartib darhol kuchga kirishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 yosh va undan katta bo‘lgan barcha faol xizmatdagi hamda zaxiradagi harbiylar uchun testosteron yetishmovchiligi bo‘yicha tekshiruv majburiy bo‘ladi.

“Ushbu dastur vazirlikka harbiylarning sog‘lig‘i bo‘yicha to‘liq bazaviy ma’lumotlarni shakllantirish va zarur hollarda maqsadli testosteron terapiyasini taklif etish imkonini beradi. Bu esa jangga tayyor va samarali harbiy kuchni saqlab qolishga xizmat qiladi”, degan Parnell.

Pentagondan erkak va ayol harbiylar bir xil tartibda tekshiriladimi, shuningdek, perimenopauza davridagi ayollarga estrogen terapiyasi taklif etiladimi, degan savollarga izoh berilmagan.

Illinoys shtatidan demokrat senator, Iroq urushi veterani Temmi Dakvort gormonlar bo‘yicha tekshiruvlar erkaklar bilan bir qatorda ayol harbiylar uchun ham joriy etilishi lozimligini bildirgan. Pensilvaniyadan Kongress a’zosi va AQSH Havo kuchlari veterani Krissi Hulaxan esa mazkur tashabbusni Pit Hegsetning “madaniy urushlarga oid navbatdagi qiziqishi” deb baholagan.

Mutaxassisning qayd etishicha, gormon almashtirish terapiyasi mushak massasini oshirish, yog‘ to‘planishini kamaytirish, depressiya xavfini pasaytirish hamda vaqt o‘tishi bilan suyak zichligini yaxshilashga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, u testosteronni har kim ham qabul qilishi mumkin emasligini ogohlantirgan. Xususan, yosh erkaklarda bunday terapiya bepushtlikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ham oshishi ehtimoli mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada transgenderlarning ayollar musobaqalarida ishtirok etmasligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishga va’da bergan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing