Pavel Durov Qozog‘istonda jazolanishi mumkin (video)
Olam
−
13 Oktabr 2025 9494 2 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov Qozog‘istndagi Kolsay ko‘lida cho‘milgani uchun jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Aleksey Milyuk ma’lum qildi.
Aleksey Milyuk hukumatning sayyor majlisida Durov bilan bog‘liq hodisa cho‘milish taqiqlangan hududda sodir bo‘lganini, u alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hudud hisoblanishini ma’lum qilgan.
“Bu hududda bo‘lish va cho‘milish uchun javobgarlik mavjud bo‘lib, jazoni tayinlash Ekologiya vazirligi vakolatiga kiradi. Biz tegishli materialni ro‘yxatga oldik va ularga topshirdik, hozir ular ko‘rib chiqmoqda. Biz hujjatni rasmiylashtirmadik, faqat OAVda e’lon qilingan ma’lumotlar asosida material to‘pladik va ko‘rib chiqish uchun Ekologiya vazirligiga topshirdik”, deydi u.
Shuningdek, Milyuk Durovga qanday jarima qo‘llanishi mumkinligini ham tushuntirgan.
“Bu qanday malakalanishiga qarab turlicha bo‘ladi. Vakolatli organlar bilan bevosita suhbatlashish kerak. Eng kamida ogohlantirishdan boshlab, agar adashmasam, 39 ming tengegacha (taxminan 880 ming so‘mgacha). Bu tarkibga bog‘liq”, deydi u.
Qayd etish joiz, joriy yilning 2 oktyabr kuni Pavel Durov "Digital Bridge" forumida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga kelgan edi. Pavel Durov keyinroq o‘zining Telegram kanalida Kolsay ko‘lidan yarimyalang‘och holda chiqayotgan videosini e’lon qilgan. Ammo bog‘ ma’muriyati u yerda cho‘milish taqiqlanganini ma’lum qilib, bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Durov Olmaota viloyatidagi Kolsay ko‘lida bo‘lgan paytida olingan yana bir videoni e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov Ostona shahrida o‘tkazilgan "Digital Bridge" forumida Qozog‘istonda Telegram’ning sun’iy intellektga asoslangan laboratoriyasi ochilishi haqida e’lon qilgan edi. U forumdagi ishtiroki doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham uchrashgandi. Ular kiberxavfsizlik, ta’lim va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilgan.
Live
Barchasi