Para Osiyo o‘yinlari. O‘zbekistonlik sportchilar qanday rekordlar o‘rnatdi?

Sport

−

image

Bugun, 24 oktyabr kuni Yaponiyaning Aychi-Nagoya shaharlari mezbonligidagi V yozgi Para Osiyo o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ortda qolgan musobaqalar davomida o‘zbekistonlik sportchilar 1 ta jahon, 7 ta Para Osiyo o‘yinlari va 5 ta qit’a rekordi yangilandi.

Para og‘ir atletika bahslarida Ro‘za Qo‘ziyeva 73 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 152 kilogramm natija qayd etib, jahon rekordini o‘rnatdi. Aqidaxon Axtamova esa 55 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 128 kilogramm toshni ko‘tarib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi.

Para suzishda ham O‘zbekiston vakillari yuqori natijalarga erishdi. Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzishda S13 toifasida 58,43 soniya, Lolaxon Kodirova esa 50 metrga erkin usulda suzishda S5 toifasida 37,88 soniya natija qayd etib, Osiyo rekordlarini o‘rnatdi.

Para yengil atletika bahslarida ham rekordlar silsilasi davom etdi. Madina Muxtorova yadro uloqtirishda 9,10 metr, disk uloqtirishda 25,59 metr natija ko‘rsatdi. Navro‘za Ahmadova esa yadro uloqtirishda 10,02 metr, disk uloqtirishda 30,11 metr natija bilan Para Osiyo rekordlarni yangiladi.

Shahinaxon Yigitaliyoyeva nayza uloqtirishda 44,99 metr, Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,04 metr natija qayd etdi. Mahliyo Akramova klab uloqtirishda 24,08 metr, Qudratillohon Ma’rufxo‘jayev disk uloqtirishda 57,39 metr, Doston Qahhorov 400 metrga yugurishda 54,42 soniya natija bilan Para Osiyo o‘yinlari rekordlarini yangiladi. Boburjon Omonov yadro uloqtirishda 13,07 metr, Barotjon Baxtiyorov esa 15,98 metr natija qayd etib, musobaqa rekordchilari safidan joy oldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi V yozgi Para Osiyo o‘yinlarida 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar sportchi bilan ishtirok etdi va yakunda 145 ta medal (45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza) bilan musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Taqqoslash uchun, o‘zbekistonlik sportchilar 2023 yilda o‘tkazilgan Xanchjoudagi Para Osiyo o‘yinlarida jami 79 ta medal qo‘lga kiritgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing