Pandora hisoboti: “Arqadag‘”ning jiyanlari davlat boyligini sotuvchi kompaniyalarning yashirin egasi bo‘lib chiqdi
Olam
−
16 Oktabr 2021 10781 2 daqiqa
Turkmaniston mineral o‘g‘itlari va neft-kimyo mahsulotlari eksporti va importi o‘tadigan kompaniyalarning haqiqiy egalari Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning jiyanlari - Hojimurod va Shomurod Rajabovlar ekani aniqlandi. Bu haqda “Turkmennews” va “Gundogar” nashrlari “Pandora arxivi” hujjatlaridan bilib oldi.
Qayd etilishicha, Hojimurod Rajabov “Garabogazkarbamid” zavodida ishlab chiqariladigan karbamid o‘g‘itlari eksporti o‘tadigan Caran kompaniyasini yashirincha boshqaradi. Zavod 2018 yilda Yaponiya xalqaro hamkorlik bankidan (JBIC) olingan 1,16 milliard dollar qarz hisobiga qurilgan.
Hojimurodning ukasi Shomurod Rajabov huddi shu tarzda Delanore kompaniyasi bilan bog‘langan. Kompaniya Turkmaniston kimyo sanoati mahsulotlari va neft-gaz sohasidagi davlat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining sotuvi bilan shug‘ullanadi.
“Pandora arxivi” hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, aka-uka Dubaydagi elita tumanlardan 16 ta kvartira sotib olgan.
C4ADS surishtiruv tashkiloti tomonidan OCCRP (Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi)ga taqdim etilgan Dubaydagi ko‘chmas mulk egalari ro‘yxatidan ma’lum bo‘lishicha, Hojimurod beshta turar joy majmuasida: Sparkle Tower 2, Damac Heights, Sadaf 4, TFG Marina va Matrix Tower to‘qqizta kvartiraga egalik qiladi.
Shomurod Sparkle Tower 2, Damac Heights va TFG Marina majmualarida yettita kvartiraga ega.
“Sizdirilgan hujjatlarda mulklarni sotib olish sanasi ko‘rsatilmagan, lekin ma’lumot bazaga qachon kiritilganiga ko‘ra, mulk 2018 yildan keyin, Karan va Delanor faollashgan paytlarda sotib olingan”, deyiladi surishtiruvda.
Surishtiruvchilar xuddi shu majmualarda sotilgan kvartiralarning narxini asos qilib olib, tergovchilar aka-ukalarning ko‘chmas mulkining umumiy qiymatini 5,5 mln dollarga baholagan.
Ma’lumot uchun, Pandora Papers – sizib chiqqan 12 millionga yaqin hujjat bo‘lib, ular dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda yashirin kelishuvlarini oshkor etadi.
AQSHda Tadqiqotchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi qo‘lga kiritgan ma’lumotlar eng yirik global tekshiruvlarga yetakladi.
Dunyoning 117 mamlakatidagi 600 nafardan ko‘proq jurnalist yer yuzidagi eng qudratli insonlarning yashirin boyliklari bilan tanisha olishdi.
Hujjatlarda Aliyevlar oilasining xorijdagi mulklari haqida ham ma’lumotlar bor. Unga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi 84 ta ofshor kompaniyalar orqali Londonda 694 mln dollarga ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan. Shu bilan birga, Prezidentning o‘sha paytda maktab va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun ofshor kompaniyalar ro‘yxatga olingani aytilgan. Ta’kidlanishicha, 2015 yilgi inqirozdan keyin Aliyevlar ko‘chmas mulkini sotayotgan va kompaniyalarini yopayotgan paytda ham, aktivlarning bir qismi, xususan, Londondagi 191 million dollarlik ko‘chmas mulk Prezidentning qaynotasi Orif Pashayev nomiga ro‘yxatga olingan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr