“Paxta qo‘yish” va muloyim e’tirozlar: Ryuttening Tramp bilan uchrashuvi qanday o‘tdi? (video)

Olam

image

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte kecha, 24 iyun kuni Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda maqtov va muloyim e’tirozlar orqali Tramp bilan NATO o‘rtasidagi taranglikni yumshatishga urindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

NATO rahbari iyul oyida Anqarada bo‘lib o‘tadigan muhim NATO sammiti arafasida Eron urushi va AQSHning Yevropadagi harbiy ishtirokini qisqartirish tahdidlari tufayli yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni yumshatish maqsadida Vashingtonga tashrif buyurgan.
 
Uzoq yillar davomida NATOni tanqid qilib kelgan va alyansni “qog‘oz yo‘lbarsi” deb atagan Tramp ittifoqchilarning Yaqin Sharq mojarosida AQSHni qo‘llab-quvvatlamaganidan hamda 28 fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari oqibatida izdan chiqqan Hormuz bo‘g‘ozidagi qatnovni tiklashga yordam bermaganidan norozi bo‘lib kelayotgan edi.
 
Oval kabinetdagi uchrashuv chog‘ida Ryutte diagrammalar yordamida NATO davlatlari Trampning birinchi prezidentlik muddati boshlangan 2017 yildan buyon mudofaa xarajatlarini qanchalik oshirganini namoyish qilgan. U shuningdek, urush davomida minglab AQSH samolyotlari Yevropadagi bazalardan havoga ko‘tarilganini ta’kidlab, buni ittifoqchilarning amaliy yordami sifatida ko‘rsatgan.

Biroq Italiya bu fikrga qarshi chiqib, Rim faqat texnik va logistik parvozlarga ruxsat berganini ham bildirgan.

“Siz juda xafa bo‘lgan ayrim alohida holatlar bo‘lganini bilaman, ammo umuman olganda, yevropalik ittifoqchilaringiz siz bilan birga bo‘ldi”, degan Ryutte.

Tramp esa bu fikrga to‘liq qo‘shilmagan ko‘ringan va ba’zi paytlarda Ryuttening so‘zlarini bo‘lib, unga qarshi fikr bildirgan. Shu bilan birga, u NATO rahbarining faoliyatini yuqori baholagan.

“Siz haqiqatan ham yaxshi ish qildingiz. Rostini aytsam, agar bu lavozimda boshqa kimdir bo‘lganida, ehtimol biz bugun uchrashmagan ham bo‘lardik, chunki biz ko‘p bor umidsizlikka uchradik”, degan Tramp.

Tramp o‘tgan yili prezidentlikka qaytganidan buyon Ryuttening asosiy vazifalaridan biri AQSH rahbarining NATOga nisbatan salbiy munosabatini boshqarish va Grenlandiyani qo‘shib olish haqidagi bahslar kabi keskin masalalarning chuqur inqirozga aylanib ketishining oldini olish bo‘lib kelmoqda.

Vashington va NATO o‘rtasidagi ziddiyat

So‘nggi oylarda Vashington va NATO o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashgan. NATO mamlakatlari Trampning Eronga qarshi, oldindan maslahatlashuvsiz boshlangan harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgach, AQSH Prezidenti mamlakatining NATOning o‘zaro mudofaa majburiyatlariga sodiq qolishi kerak yoki kerakmasligini ochiqchasiga savol ostiga qo‘ygan va alyansdan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgandi.
 
Yana bir bahsli masala – Vashingtonning Yevropa o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyat olishi kerakligi haqidagi talablari bo‘lmoqda. AQSH ma’muriyati Yevropa mamlakatlarining Amerika harbiy kuchlariga haddan tashqari qaramligi “sog‘lom bo‘lmagan hamkorlik”ni yuzaga keltirgan deb hisoblamoqda.
 
AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset o‘tgan hafta NATO yig‘ilishida “bepul foydalanuvchi” ittifoqchilarini qattiq tanqid qildi va Yevropadagi AQSH qo‘shinlarining joylashuvini olti oylik qayta ko‘rib chiqish boshlanishini ma’lum qildi. Bu jarayon amerikalik harbiylar sonining qisqarishiga olib kelishi mumkin.
 
Bundan tashqari, AQSH inqiroz holatida NATOning ixtiyoriga berilishi mumkin bo‘lgan harbiy imkoniyatlar hajmini ham qisqartirgan. Bu esa alyans a’zolarini yuzaga kelgan bo‘shliqlarni qanday to‘ldirish masalasi ustida bosh qotirishga majbur qilmoqda.
 

Iyul sammiti oldidan xavotirlar

NATO 7–8 iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan sammitga misli ko‘rilmagan bosim va noaniqlik sharoitida kirib bormoqda. Ayrim Yevropa davlatlari Vashington alyansdan butunlay chiqib ketishi mumkinligidan xavotirda. Bunday qadam NATO kelajagini jiddiy savol ostida qoldirishi mumkin.
 
Uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan muloqot qilgan Ryutte Trampni NATOga sodiq rahbar sifatida tasvirlagan. Biroq Tramp oldinroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mezbonlik qilmaydigan bo‘lsa, sammitda ishtirok etishiga shubha bilan qarayotganini aytgandi.

“Oxirgi ikki oy davomida turli mamlakatlar bilan boshdan kechirgan holatlarimizdan keyin... ko‘pchilik uchun men bunday qilmagan bo‘lardim”, degan Tramp.

U ayniqsa Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya va Ispaniyadan ko‘ngli qolganini aytgan, Polsha esa maqtovga sazovor bo‘lgan.
 
O‘tgan yili Gaagada bo‘lib o‘tgan sammitda NATO davlatlari Tramp talab qilgan mudofaa xarajatlarini keskin oshirish rejasini ma’qullagan va o‘n yil ichida yalpi ichki mahsulotning 5 foizini mudofaa hamda xavfsizlik bilan bog‘liq ehtiyojlarga sarflash majburiyatini olgan edi. Biroq Yevropa davlatlarining barchasi ham bu maqsad sari bir xil sur’atda harakatlanayotgani yo‘q.
 
Tramp Bosh kotib bilan uchrashuvda yana mablag‘ yetishmasligi haqidagi noroziligini bildirganida, Ryutte Germaniyaning 2021–2029 yillar oralig‘ida mudofaa xarajatlarini ikki barobar oshirish rejasi, shuningdek, Niderlandiya, Polsha, Skandinaviya va Boltiqbo‘yi davlatlarida rejalashtirilgan katta o‘sishlarga e’tibor qaratgan.

“Bu masalada vaziyat har xil, ammo ularning aksariyati o‘z ulushini qo‘shmoqda. Va aynan mana shu inson tufayli alyans ancha kuchliroq bo‘ldi”, degan Ryutte Trampga ishora qilib.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron urushi masalasida respublikachi senatorlar bilan uchrashgan edi. Yopiq yig‘ilishda Tramp senator Bill Kessidi bilan bahslashib ketgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing