Osiyoda tinimsiz yomg‘ir sabab 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Olam
−
28 noyabr 2025 2843 2 daqiqa
Tailand, Malayziya va Indoneziyada tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi hamda suv toshqinlari oqibatida qurbonlar soni keskin ko‘paydi. Mutaxassislar vayronagarchilik havo siklonlari ta’siri oqibatida kuchayganini aytmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Keltirilishicha, Tailandda bir haftadan beri yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida 55 kishi halok bo‘lgan. Kecha, 27 noyabr kuni Tailandning eng ko‘p zarar ko‘rgan Xat Yai shahrida suv asta-sekin kamaydi. Rasmiylar bu holat aholiga yordam yetkazilishini va asosiy xizmatlarning tiklanishini tezlashtirishi mumkinligini aytmoqda.

Mamlakatda suv toshqinidan aziyat chekayotganlarga dronlar orqali yordam ko‘rsatilmoqda. Tomlar ustida qolib ketgan odamlarga vertolyotlarda zarur oziq-ovqat va tibbiy buyumlar tashlab ketilmoqda. Harbiylar oziq-ovqat, dori-darmon va qayiq yetkazish uchun tashuvchi samolyot, 20 ta vertolyot va yuk mashinalari karvonlarini safarbar qildi.
Hukumat matbuot kotibi Siripong Angkasakulkiatning aytishicha, mamlakat janubida 3 millionga yaqin kishi zarar ko‘rgan. Minglab odamlar evakuatsiya markazlariga joylashtirilgan. Aholiga yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda, ammo suv toshqinlari bilan bog‘liq vaziyat hali uzoq davom etishi mumkin.
Qo‘shni davlat Malayziyada ham uzluksiz yomg‘ir yog‘ishi kuzatilmoqda. Mamlakatning yetti shtatda kuzatilgan suv toshqinlari ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 34 mingdan ortiq odam esa vaqtinchalik boshpanalarga ko‘chirilgan.

Indoneziyaning 60 million aholisiga ega bo‘lgan Sumatra orolida ham vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Tropik siklon kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqardi. Ushbu tabiiy ofat tufayli kamida 100 kishi bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi