Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Olmazorda maktab o‘quvchisi o‘gay otasidan homilador bo‘lib qoldi

3-sahifa

image

Poytaxt Toshkentning Olmazor tumanidagi ikki maktabda voyaga yetmagan o‘quvchilar homilador bo‘lib qoldi. Ularning biri 8, ikkinchisi 9-sinf o‘quvchisi. Ulardan biri o‘gay otasidan homilador ekani aytilmoqda. 

QALAMPIR.UZ bu ma’lumotni aniqlash maqsadida Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bilan bog‘landi.  

Rahmonova suhbat avvalida ushbu holatning ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi bolalar sha’ni va qadr-qimmatiga etik nuqtai nazardan zid ekani, ularning ruhiy holatiga salbiy ta’sir etishi mumkinligini eslatdi. Biroq so‘nggi yillarda aynan Olmazor tumani voyaga yetmagan qizlarning jinsiy zo‘ravonlikka uchrashi va homilador bo‘lib qolishi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichni qayd etayotgani uchun ham bu ma’lumotni ochiqlash zarurligi bo‘yicha QALAMPIR.UZ bilan hamfikr bo‘ldi. 

Bolalar ombudsmani QALAMPIR.UZ keltirgan ikki holatdan birini tasdiqladi. Unga ko‘ra, o‘quvchi qiz o‘gay otasidan homilador bo‘lib qolishi bilan bog‘liq holat haqiqatdan ham sodir bo‘lgan. Qiz bor-yo‘g‘i 14 yoshda. 

Holat 2024 yilning dekabr oyida ma’lum bo‘lgan va prokuratura tomonidan dekabr oyi oxirida Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilib, ish hujjatlari IIBga yuborilgan. O‘gay otaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Bolalar ombudsmani mazkur ishni qonuniy va bola manfaatiga muvofiq olib borilishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Jinoyat ishining borishi Toshkent shahar prokuraturasi nazoratida”, deydi Surayyo Rahmonova.

Shu o‘rinda Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3-qismida belgilangan jazolarga nazar tashlasak. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish:

a) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu kodeksning 118, 119, 121 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;

b) yaqin qarindoshiga yoki bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga nisbatan;

v) jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mazkur holatda o‘quvchi qiz o‘gay otasi tomonidan zo‘rlanganmi yoki ishning boshqa tafsilotlari mavjudmi, bunisi bizga qorong‘i. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 128-moddasi dastlabki tergov jarayonida qo‘yilgan. Tergov harakatlari davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha moddalar qo‘shilishi yoki qayta malakalanishi ehtimoli yo‘q emas.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Jinoyat ishi maktab o'quvchisi Bolalar ombudsmani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing