Olmaotada “stroyka”da ishlab, og‘ir jarohatlangan o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi
Jamiyat
−
21:57 303 1 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahrida qurilish vaqtida balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 25 avgust kuni O‘zbekiston fuqarosi D. A. turmush o‘rtog‘i X. M. ni O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida X. M. Olmaota shahridagi qurilish ob’ektlaridan birida ehtiyotsizlik oqibatida balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgani aniqlangan. U 15 avgustdan buyon mahalliy tibbiyot muassasasida davolanib kelgan.
Fuqaroning sog‘lig‘i va tibbiy holati inobatga olinib, Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi tomonidan uni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Natijada X. M. va uning turmush o‘rtog‘i “Qoplonbek – Navoiy” chegara nazorat posti orqali O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan.
Chegara postida X. M. ni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan ajratilgan maxsus tez tibbiy yordam avtomashinasi hamda malakali shifokorlar brigadasi kutib olgan. Shundan so‘ng og‘ir jarohat olgan fuqaro xavfsiz tarzda belgilangan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Yekaterinburg shahrida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga mamlakatga qaytishida yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi