Kurs UZS

USD

12 948.10

-9.04

EUR

14 696.09

-6.38

RUB

156.93

0.37

Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan birinchi murabbiy ekanim tarixda qoldi – Kapadze

Sport

image

Bugun, 20 mart kuni bo‘ladigan 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi 3-bosqichidan o‘rin olgan Qirg‘izistonga qarshi bahs oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida qatnashib, o‘z fikrlarini bildirdi.

“Bizni qiziqarli uchrashuv kutmoqda. Uning naqadar muhimligini his qilib turibmiz. Tayyorgarlik yaxshi kechdi, o‘z uyimizda, muxlislarimiz bilan birga g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Futbolchi sifatida Qirg‘iz Respublikasiga qarshi o‘yinlarda maydonga tushganman, biroq hozir vaziyat butunlay boshqacha. U yerda ham futbol rivojlanmoqda. Yigitlar uchrashuvga tayyor, barchalari sog‘-salomat. FIFA kunlari bo‘lgani sababli aksariyat legionerlarimiz kechroq yig‘inga qo‘shildi. O‘ylaymanki, futbolchilarimiz eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etadi. Jarohatlar futbolning ajralmas qismi. Chunki maydonda haqiqiy kurash kechadi. Milliy terma jamoa o‘yinchisi har qanday holatga tayyor turishi kerak. Albatta, har bir futbolchining o‘z o‘rni bor, lekin tarkibimizdagi boshqa o‘yinchilar ham yuqori saviyada harakat qiladi va Husniddin Aliqulovning yo‘qligini sezdirmaydi”, deydi Kapadze.

Kapadze shuningdek, Oston O‘runovning jarohatiga to‘xtaldi.

“Oston O‘runov kechagi mashg‘ulotlarda o‘zini noqulay his qilgani uchun to‘liq harakat qila olmadi, hozir shifokorlarimiz nazoratida. Tarkibga Hojimat Erkinovni ham jalb etdik, chunki har bir futbolchi biz uchun muhim. Futbol jamoaviy o‘yin, shuning uchun har bir futbolchi bir-birining o‘rnini to‘ldira olishi kerak. O‘z maydonimizda o‘yin o‘tkazamiz, shuning uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Bugungacha har bir uchrashuv yuqori bosim ostida o‘tgan edi, biroq futbolchilar bunga bardosh berib, kerakli natijalarni qo‘lga kiritdi. Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan birinchi murabbiy ekanim tarixda qoldi. Hozir oldimga qo‘yilgan muhim vazifam bor. Jamoamiz bilan birga bu vazifani uddalashimiz kerak. Hammasi o‘z qo‘limizda. Kerakli ochkolarni jamg‘arsak, guruhdagi boshqa o‘yinlarga e’tibor qaratishga hojat qolmaydi. Eng muhimi shu. Asosiy e’tiborimiz Qirg‘izistonga qarshi bahsga qaratilgan. O‘yin qanday kechishidan qat’i nazar, raqibga imkon qoldirmaslik va g‘alaba qozonish uchun harakat qilamiz. Nasib bo‘lsa, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi”, deydi Kapadze.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘yini Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. Uchrashuvga poytaxtdagi “Bunyodkor” stadioni mezbonlik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qirg'iziston Temur Kapadze Oston O'runov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing