Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi Osiyo kubogi qayerda bo‘lishi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
30 iyul 2873 1 daqiqa
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida 2028 yilgi U-23 Osiyo kubogiga mezbon mamlakat nomi rasman tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, musobaqa Yaponiyada bo‘lib o‘tadi.
Mazkur turnir Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga Osiyo saralash bosqichi vazifasini bajaradi. Shu bois, qit’aning eng kuchli olimpiya terma jamoalari Olimpiada yo‘llanmalari uchun aynan Yaponiyada bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlarida erkaklar futboli musobaqasida jami 12 ta terma jamoa ishtirok etadi.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham navbatdagi Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa 2024 yili Qatarda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo kubogida finalgacha yetib borib, ikkinchi o‘rinni egallagan va mamlakat tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Parij-2024 Olimpiadasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi guruh bosqichida ishtirok etib, musobaqani 1 ochko bilan yakunlagan.
Endi esa Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi shogirdlari Los-Anjeles-2028 Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun Yaponiyada o‘tkaziladigan U-23 Osiyo kubogida yana bir bor o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishadi.
Live
Barchasi