“Oxirgi nafasimizgacha kurashamiz”. Eron AQSH va Isroilni tavbasiga tayantirishga va’da berdi

Olam

image

Xatam al-Anbiyo markaziy shtabi qo‘mondoni Ali Abdullohiy Eron AQSH va Isroilga qarshi urushni ular Islom Respublikasiga qarshi boshlagan agressiyasidan afsuslanmaguncha davom ettirishini bildirdi. Bu haqda u “Al Jazeera”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, Eron zamonaviy va yuqori aniqlikka ega qurollarga ega bo‘lib, bu qurollar mamlakat harbiy qudrati haqida raqiblar tasavvur qilganidan ham ustun.

Qo‘mondon Eron Qurolli kuchlari Islom Respublikasini oxirgi nafasigacha himoya qilishini va dushmanlarni qilgan harakatlaridan afsuslanishga majbur qilishini ta’kidlagan.

Ali Abdullohiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroil Eronga nisbatan harakatlarida doimo xato hisob-kitob qilgan. U Eron bir necha bor dushmanga jang maydonida javob berishini aytgan.

Shuningdek, u raqiblar Eronning raketa arsenali haqida hamma narsani bilamiz, deb o‘ylayotganini tanqid qilgan va jang maydonida Islom Respublikasining tiyib turish kuchini aslida bilmasliklarini aytgan.

Qo‘mondon Eron Qurolli kuchlari davom etayotgan AQSH-Isroil urushda halok bo‘lganlar, jumladan Islom inqilobi rahbari Ali Xomanaiy qoni uchun qasos olishga qat’iy qaror qilganini bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, dushman Erondagi o‘quvchilar va tinch aholiga hujum qilib, uy-joylarni vayron qilmoqda. Shu bilan birga, Eron ularning harbiy ob’ektlari, texnikasi va boshqa zarur nishonlariga zarba berishini ma’lum qilgan.

Ali Abdullohiy Eron Islom Respublikasi va Eron xalqi oxir-oqibat urushda g‘alaba qozonishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshlagan. Bunga javoban Eron raketa va dronlar yordamida Isroil nazoratidagi hududlar hamda mintaqadagi AQSH harbiy ob’ektlariga zarbalar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing