Oq uy Argentina futbolchilarini qo‘llab-quvvatladi

Sport

image

Oq uy Argentina terma jamoasi futbolchilarining Angliya ustidan qozonilgan Jahon chempionati yarim finali g‘alabasidan keyin mamlakatining Folklend (Malvin) orollariga bo‘lgan da’vosini qo‘llab-quvvatlovchi bannerni ko‘targanini himoya qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Avvalroq Argentina Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan o‘yindan keyin ayrim futbolchilar “Las Malvinas son Argentinas” (“Malvin orollari Argentinaga tegishli”) degan yozuvli bannerni ko‘targani haqida xabar berilgandi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer kecha, 17 iyul kuni FIFA’ni mazkur holatni tekshirishga chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlagan va 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan finalda Ispaniyaga omad tilashini bildirgandi.

Biroq Oq uyning FIFA bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani Argentina futbolchilarini himoya qilib, AQSHda so‘z erkinligi kafolatlanganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Argentina futbolchilari AQSHda o‘z fikrini bildirish imkoniyatiga ega.

“Biz Amerika Qo‘shma Shtatlarida Konstitutsiyaning Birinchi tuzatishi bilan kafolatlangan so‘z erkinligi huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan Juliani. 

Nashrga ko‘ra, bu bayonot 20 iyul kuni Britaniya Bosh vaziri lavozimini egallashi kutilgan Endi Bernem uchun noqulay vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin. Shuningdek, bugun, 18 iyul kuni Argentinada regbi bo‘yicha Millatlar chempionati doirasida Angliya va Argentina terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Angliya jamoasi futbolchilari irqiy haqoratlar bo‘lsa, maydonni tark etish bilan tahdid qilgan.

“Jahon chempionati bizniki bo‘lmasligi mumkin, ammo Folklend orollari aniq bizniki. Hukumatning pozitsiyasi o‘zgarmagan. O‘z taqdirini belgilash huquqi orol aholisiga tegishli va Folklendga bo‘lgan sadoqatimiz hech qachon o‘zgarmaydi”, degan Starmer matbuot kotibi Bosh vazirning munosabati haqida so‘ralganda.

U, shuningdek, FIFA ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralar tashkilot vakolatiga kirishini, ammo siyosat futbolga aralashmasligi kerakligini ta’kidlagan. Britaniya biznes vaziri Piter Kayl esa bannerni “futbolda siyosiy faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik qoidalarining qo‘pol buzilishi” deb atagan.

“Jahon chempionatining asosiy tamoyillaridan biri – siyosat futboldan ajratilgan bo‘lishi kerak. Endi bu FIFA ishi va men tashkilot bu holatni sinchiklab tekshirishini kutaman”, degan u.

FIFA bayonotida esa intizom qo‘mitasi odatiy tartibda o‘yin hisobotlarini va tegishli holatlarni o‘rganayotgani, shundan keyin FIFA intizom kodeksi asosida keyingi choralar yuzasidan qaror qabul qilinishi маълuм qilingan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda Ispaniya futbolchilari Rodri va Alvaro Morata Yevropa chempionati g‘alabasidan keyin “Gibraltar – Ispaniyaniki” degan shiorni aytgani uchun UEFA tomonidan bir o‘yinga chetlatilgan edi.  

Folklend orollari hukumati esa Argentina futbolchilari harakatidan “afsuslanganini, ammo hayratlanmaganini” ma’lum qilgan.

“1982 yildagi bosqin natijasida orol aholisi katta ruhiy jarohat olgan. Shuning uchun Argentina futbolchilari ko‘targan banner Folklenddagi ko‘plab odamlar uchun o‘ta noo‘rin bo‘ldi. FIFA sportni siyosatdan xoli saqlash haqidagi va’dasiga amal qilib, o‘z qoidalariga muvofiq bunday xatti-harakatlarga chora ko‘rishiga umid qilamiz”, deyilgan bayonotda.

Folklend orollari bo‘yicha bahs esa 1982 yilda Argentina orollarga bostirib kirganidan keyin boshlangan urushga sabab bo‘lgan. O‘shanda 900 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing