FIFA Argentina futbolchilarining siyosiy banneri bo‘yicha tekshiruv boshladi

Sport

image

FIFA Intizom qo‘mitasi 2026 yilgi Jahon chempionatining yarim finalidan so‘ng, Argentina terma jamoasi futbolchilari tomonidan siyosiy mazmundagi banner namoyish etilgani yuzasidan tekshiruv boshladi. Bu haqda tashkilot bayonotiga tayanib, ESPN xabar berdi.

Avvalroq, Argentina terma jamoasi Angliya ustidan 2:1 hisobida qozonilgan yarim final g‘alabasini “Malvinalar – argentinaliklarniki” degan yozuv tushirilgan banner bilan nishonlagan edi.

“Standart tartibga muvofiq, FIFA Intizom qo‘mitasi hozirda o‘yin bo‘yicha rasmiy hisobotlarni o‘rganmoqda hamda intizom kodeksiga asosan keyingi choralar yuzasidan qaror qabul qilishdan avval barcha holatlarni baholamoqda”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Agar mazkur harakat Intizom kodeksini buzgan deb topilsa, argentinalik futbolchilar jarimadan tortib, futbol bilan bog‘liq faoliyatdan ma’lum muddatga chetlatilishgacha bo‘lgan turli intizomiy jazolarga duch kelishi mumkin. Biroq Ispaniyaning COPE radiostansiyasi ma’lumotiga ko‘ra, FIFA Jahon chempionati davomida yoki musobaqadan so‘ng jiddiy sanksiyalar qo‘llashni rejalashtirmayapti.

Ma’lumot uchun, Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasida Folklend (Argentinada Malvinalar deb ataladi) orollari bo‘yicha ko‘p yillik hududiy nizo mavjud. Argentina mazkur orollarni o‘zining tarixiy hududi deb hisoblaydi va 1833 yilda Britaniya nazorati o‘rnatilganini bosqin sifatida baholaydi. Masala bir necha bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) doirasida muhokama qilingan.

1982 yilda esa ushbu hududiy nizo qurolli to‘qnashuvga aylanib, Folklend urushi yuz bergan va u Buyuk Britaniya g‘alabasi bilan yakunlangan. Shundan buyon Argentina orollar ustidan suverenitet masalasini BMT mexanizmlari orqali ko‘tarib kelmoqda, ammo tomonlar hozirga qadar murosaga erisha olmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing