Oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi oshiriladi
Jamiyat
−
13 yanvar 13697 1 daqiqa
O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Shuningdek, kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z bordi.
“Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur”, deydi Prezident va bu borada katta yangiliklarni e’lon qildi.
Xususan, 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.
Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.
Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi. Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirilgan.