Ochlik va to‘qlik gormonlari: ularni qanday boshqarish mumkin?
Bu qiziq
−
08 noyabr 2230 6 daqiqa
Ochlik va to‘qlik oddiy sezgi kabi tuyulishi mumkin: bir necha soat ovqat yemaganingizda ochlikni, yetarlicha ovqatlanganingizda esa to‘qlikni his qilasiz. Ammo aslida bu jarayon ancha murakkab. Ichkarida sizning tana vazningiz va sog‘lig‘ingizga ta’sir qiladigan ochlik, to‘qlik va yog‘ saqlanishini tartibga soluvchi bir qancha gormonlar mavjud.
“Tanadagi energiyani tartibga solish tizimi juda murakkab. Sodda qilib aytganda, bu jarayon ochlik va to‘qlikni boshqaruvchi ichak va miya, xususan gipotalamusdagi gormonlarning o‘zaro ta’siriga bog‘liq. Bu gormonlar sizni och qolishdan himoya qilish uchun sinergik yoki qarshi ta’sir ko‘rsatadigan tarzda ishlaydi. Asosiy ta’siri yog‘ zaxiralarini saqlash va tana vaznini barqaror tutishdir”, deydi semizlik bo‘yicha mutaxassis Kerolayn Apovian.

Darhaqiqat, ochlik va to‘qlikni tartibga soluvchi tizim evolyutsion asosga ega bo‘lib, u odamning metabolik tezligi, tananing ma’lum bir vaznni saqlashga moyilligi va omon qolish uchun muhim bo‘lgan boshqa omillarga ta’sir qiladi.
Bu gormonlarning ayrimlari genetik omillar bilan belgilanadi, boshqalari esa turmush tarzi, ayrim kasalliklar, tana vazni yoki tarkibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
“Shu fonda, ayrim gormonlar oziq-ovqat iste’molini qisqa muddatli tartibga solish, ya’ni bir marta ovqatlanish vaqtida ortiqcha yeyishni oldini olishga xizmat qiladi, boshqalari esa uzoq muddatli tartibga solish orqali tanada energiya zaxiralarining me’yorda saqlanishini ta’minlaydi”, deya tushuntiradi gastroenterolog Lourens Cheskin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu gormonlar orkestr cholg‘ulari kabi birga ishlaydi. Quyida ishtahani tartibga soluvchi yetti asosiy “o‘yinchi” gormonlar bilan yaqinroqdan tanishamiz.
Leptin. Biologlar ilgari yog‘ to‘qimalarini harakatsiz deb o‘ylagan, ammo endilikda u endokrin organ hisoblanadi, chunki u leptin kabi gormonlarni ishlab chiqaradi. Tana bo‘ylab yog‘ hujayralari leptin ajratadi, bu esa to‘qlikni bildirib, ishtaha va oziq iste’molini kamaytiradi.
“1994 yilda leptinning kashf etilishi bu sohadagi tadqiqotlar portlashini boshlab berdi, chunki undan avval yog‘ to‘qimalarining miya bilan qanday aloqa qilishi noma’lum edi”, deydi Apovian.

Biroq odatda, semizlikdan aziyat chekadigan odamlarda leptin darajasi yuqori bo‘ladi, chunki ularda yog‘ miqdori ko‘p yoki organizm bu gormonga nisbatan rezistent. Agar shunday odamlarda yog‘ miqdori kamaysa, leptin darajasi ham pasayadi.
Grelin. Ko‘pincha “ochlik gormoni” deb ataladigan, oshqozonda ishlab chiqariladigan ushbu gormon darajasi ovqatdan oldin yuqori bo‘ladi, ovqatlangandan so‘ng esa pasayadi.
“Agar vazn yo‘qotish maqsadida kaloriya kamaytirilsa, grelin darajasi oshadi. Bu vazn yo‘qotishni qiyinlashtiradi, chunki ochlik odatdagidan kuchliroq bo‘ladi,” deydi endokrinolog Marsio Gribeler.

“Obesity” jurnalining 2017 yilgi sonida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, grelinning yuqori darajasiga ega odamlar ko‘proq oziq-ovqat istaklari, ayniqsa yog‘li yoki shirin taomlarga moyil bo‘ladi va tezroq vazn orttiradi.
Xoletsistokinin. Ovqatlangandan so‘ng ichakda ishlab chiqariladigan ushbu to‘qlik gormoni odamga to‘yganlik hissini beradi. U shuningdek, ovqat hazmini yaxshilaydi: oshqozondan ovqat o‘tish tezligini sekinlashtirib, to‘qlik hissini oshiradi va oshqozonosti bezidan yog‘, oqsil hamda uglevodlarni parchalaydigan suyuqlik va fermentlar ajralishini kuchaytiradi. Bundan tashqari, xoletsistokinin miyaning ishtaha markazlariga ta’sir qilib, ishtaha va keyingi ovqat iste’molini kamaytirishi mumkin.

Insulin. Bu gormon qonda glyukoza (shakar) miqdori oshganda oshqozonosti bezining beta hujayralari tomonidan ajratiladi. Apovianning ta’kidlashicha, insulin to‘qlikni ham rag‘batlantiradi.
“Uglevod iste’mol qilinganida ko‘proq insulin ajraladi, bu esa glyukozaning hujayralarga energiya sifatida qaytishini ta’minlaydi”, deydi Gribeler.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tananing insulinga to‘g‘ri javob bermasligi yoki uni sezmasligi, ya’ni insulin rezistentligi holati semizlik, jismoniy faollik yetishmasligi yoki doimiy uglevodlarga boy ovqatlar iste’moli bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Kortizol. “Stress gormoni” sifatida tanilgan kortizol metabolizmni tartibga solish kabi boshqa ko‘plab vazifalarni ham bajaradi. Uning yuqori darajasi insulin rezistentligi va yog‘ saqlanishining ortishi bilan bog‘liq.
“Surunkali stress holatida kortizol darajasining oshishi ishtaha kuchayishi, ayniqsa shirin, sho‘r yoki yog‘li taomlarga bo‘lgan istak ortishi, qon shakar va insulin darajasining ko‘tarilishi bilan birga kechadi” deydi semizlik bo‘yicha mutaxassis Fransis Li.

Darhaqiqat, “NeuroImage: Clinical” jurnalining 2022 yilgi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, kortizolning ortishi ochlik hissini oshiradi va miyaning ovqat iste’molini tartibga soluvchi sohalariga qon oqimini kamaytiradi.
Glyukagonga o‘xshash peptid-1. Ovqatlangandan so‘ng ichakda ajralib chiqadigan bu gormon miyada joylashgan retseptorlar bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, to‘qlik hissini hosil qiladi.
“U shuningdek, hazm qilish va oziq-ovqatning oshqozon-ichak traktidan o‘tish jarayonini sekinlashtiradi, bu esa uzoqroq vaqt davomida to‘q his qilish va umumiy iste’molni kamaytirishga olib keladi”, deydi Gribeler.

Glyukozaga bog‘liq insulinotropik polipeptid. Bu gormon ovqatlangandan keyin ingichka ichak tomonidan ishlab chiqariladi va insulin oshishiga sabab bo‘ladi, bu esa glikogen va yog‘ kislotalari ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi hamda yog‘ parchalanishini to‘xtatadi. Nisbatan yangi o‘rganilayotgan bu gormon haqda hali ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.
Sog‘lom ovqatlanish va gormonlar nazorati
Ko‘pchilikni sog‘lom ovqatlanish qanday bo‘ladi o‘zi, degan savol qiynaydi. Javob shunday: qayta ishlanmagan mahsulotlar, butun donlar, mevalar, sabzavotlar va yog‘siz oqsillarni iste’mol qilish eng sog‘lom ovqatlanishdir. Yodda saqlash kerakki, faqat ovqat miqdori emas, balki qanchalik tez-tez, kun davomida necha marta ovqatlanish va iste’mol qilinayotgan mahsulotlar kabilar ishtaha gormonlariga ta’sir qiladi. Mutaxassislar mazkur gormonlar barqarorligini ta’minlash uchun har uch soatda kichik porsiyada taomlanish yoki yengil tamaddi qilishni tavsiya etadi.

Shuningdek, sifatli uyqu ochlik gormonlarini tartibga solish uchun muhimdir: agar kishi yaxshi uxlamasa, kortizol va grelin (ochlik gormonlari) darajasi oshadi, leptin (to‘qlik gormoni) darajasi esa kamayadi. “Obesity” jurnali o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, bir kecha uyqusizlikdan so‘ng ayollarda leptin darajasi erkaklarnikiga nisbatan yanada kuchliroq pasayadi, semiz odamlarda esa grelin darajasi sezilarli darajada ortadi.

Ta’kidlash lozimki, tadqiqotlar stressning inson tana vazni va salomatligiga ta’siri katta ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, qisqa muddatli stress odatda ishtaha pasayishi, surunkali stress esa kortizol ortishiga olib keladi, bu esa ayniqsa yuqori kaloriyali taomlarni ko‘proq iste’mol qilishga sabab bo‘ladi.
“Stressni kamaytirish va kortizol darajasini tushirish uchun eng yaxshi usul – muntazam chuqur nafas olish mashqlari yoki jismoniy faollik bilan shug‘ullanish”, deydi Li.
2022 yilda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, atigi 12 daqiqalik to‘g‘ri nafas olish mashg‘uloti so‘lakdagi kortizol miqdorini sezilarli darajada kamaytiradi.