Ochilmagan qotillik: afsonaviy reper Tupakning o‘limi bo‘yicha sud boshlandi
Olam
−
10 avgust 2217 4 daqiqa
Las-Vegasda xip-xop yulduzi Tupak Shakurning 1996 yilda o‘ldirilishida ayblanayotgan sobiq ko‘cha to‘dasi rahbari Dueyn “Keffi Di” Devis ustidan sud jarayoni boshlanmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 10 avgust kuni sudda hakamlar hay’ati a’zolarini tanlash jarayoni boshlanishi kutilmoqda. Jinoyat ishi qariyb 3 o‘n yil davomida ochilmay qolgan Tupak Shakurning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur voqea rep musiqasi tarixidagi eng mashhur va uzoq vaqt yechilmagan qotillik ishlaridan biri hisoblanadi.
63 yoshli Dueyn “Keffi Di” Devisga Nevada shtatidagi Klark okrugida “quroldan foydalangan holda qotillik” bo‘yicha bir bandli ayblov qo‘yilgan. U o‘zini aybsiz deb bilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Devis 1996 yilda Las-Vegasdagi Strip hududi yaqinida 25 yoshli Tupak Shakurga qarshi amalga oshirilgan avtomobildan o‘q uzish hujumini tashkil etgan guruhga boshchilik qilganlikda ayblanmoqda.
Tupak Shakur o‘sha davrda rep san’atining eng mashhur va ta’sirli ijodkorlaridan biri bo‘lgan. Uning o‘ldirilishi “gangsta-rep” o‘zining eng mashhur davrini boshdan kechirayotgan paytda xip-xop madaniyatidagi zo‘ravonlik muhiti haqidagi bahslarni yanada kuchaytirgan. Shuningdek, voqea o‘sha davrdagi Sharqiy va G‘arbiy sohil reperlari o‘rtasidagi mashhur raqobatni ham yanada keskinlashtirgan.
Politsiya 2023 yilda Devis hibsga olinganidan keyin u qotillik bo‘yicha uzoq vaqtdan beri gumonlanib kelingan shaxslardan biri bo‘lganini bildirgan. Biroq tergovchilar uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarlicha qabul qilinishi mumkin bo‘lgan dalillarga ega bo‘lmagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘ra, ish 2018 yilda Devisning qotillikdagi ishtiroki haqida turli ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotlaridan keyin yana faol tergov qilina boshlagan.
Devis o‘z intervyularida, shuningdek, 2019 yilda chop etilgan “Compton Street Legend” nomli xotira kitobida 1996 yildagi voqea vaqtida oq rangli Cadillac avtomobilining old o‘rindig‘ida o‘tirganini va qurolni orqa o‘rindiqdagi 2 kishidan biriga berganini aytgan.
Biroq Devisning bayonotlarida ham, rasmiy tergov ma’lumotlarida ham Tupak Shakurga kim to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzgani aniq ko‘rsatilmagan. Devis bilan birga avtomobilda bo‘lgan 3 kishining barchasi keyinchalik vafot etgan.
Nevada qonunchiligiga ko‘ra, gumonlanuvchi quroldan bevosita o‘q uzmagan bo‘lsa ham, jinoyatda ishtirok etgani isbotlansa, qotillikda ayblanishi mumkin.
Tergov versiyasiga ko‘ra, voqealar 1996 yil 7 sentyabr kuni Las-Vegasdagi “MGM Grand” kazinosida Tupak Shakur va uning hamrohlari Devisning jiyanini kaltaklaganidan keyin boshlangan. Bu voqea Los-Anjeles hududidagi ikki ko‘cha to‘dasi – Devis o‘zini rahbari deb atagan “Saut Sayd Kompton Krips” va politsiya ma’lumotlarida “Mob Piru” bilan bog‘langan guruh o‘rtasidagi adovat bilan bog‘liq bo‘lgan.
O‘sha kuni Tupak Shakur va uning hamrohlari Las-Vegasda Mayk Tayson hamda Bryus Seldon o‘rtasidagi jahon chempionligi jangiga kelishgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Devis qotillik qurolini olgan va uni oq rangli Cadillac avtomobilining orqa qismida o‘tirgan 2 kishidan biriga bergan. Ular kazino ichidagi janjaldan keyin Tupak Shakur va “Death Row Records” asoschisi Merion “Suj” Nayt bo‘lgan avtomobilni qidirib harakatlangan.
Ular Shakur va Nayt bo‘lgan avtomobilni topganidan keyin o‘q uzilgan. Tupak Shakur 4 marta o‘qdan jarohatlangan va 6 kun o‘tib shifoxonada vafot etgan. Avtomobilni boshqarayotgan Nayt esa boshiga tekkan o‘q parchasi sabab yengil jarohat olgan.
Devis ustidan sud jarayoniga sudya Karli Kyorni raislik qiladi. Sud muhokamalari Las-Vegas markazidagi sud binosida o‘tkazilishi va 6 haftagacha davom etishi mumkin.
Jarayonda “Death Row Records” asoschilaridan biri Merion “Suj” Naytning ham guvohlik berishi mumkinligi aytilmoqda. U Tupak Shakur o‘ldirilgan kecha reper bilan birga bo‘lgan. Ayni vaqtda Nayt boshqa jinoyat ishi bo‘yicha ixtiyoriy odam o‘ldirishda aybdor deb topilgan va 28 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Tupak Shakurning qotilligi qariyb 30 yil davomida ochilmay kelgan. Devisning 2018 yildan boshlab ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotlari ishni qayta jonlantirgan. Devis o‘z kitobida, shuningdek, Nyu-Yorkdagi “Bad Boy Entertainment” leybli bilan hamkorlik qilgan va “The Notorious B.I.G.” nomi bilan tanilgan reper Kristofer Uollesning o‘limi bo‘yicha ham uzoq vaqt gumon ostida bo‘lganini yozgan. Uolles 1997 yil mart oyida Los-Anjelesda otib o‘ldirilgan.
Uning qotilligi hanuzgacha ochilmagan. Biroq Uolles Tupak Shakur o‘ldirilganidan bir necha oy o‘tib halok bo‘lgani sababli, uning o‘limi Shakur qotilligi uchun qasos bo‘lgani haqida uzoq vaqtdan beri turli taxminlar mavjud.
Live
Barchasi