Nipah virusi sabab qator Osiyo davlatlari nazoratni kuchaytirdi
Olam
−
18:34 1861 2 daqiqa
Hindistonda o‘limga olib keluvchi Nipah virusi tarqalishi fonida Indoneziya, Vetnam, Tailand va Malayziya mamlakatga kirishda nazorat choralarini kuchaytirdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Indoneziya va Tailand yirik aeroportlarda tekshiruvlarni kuchaytirib, yo‘lovchilarning sog‘lig‘ini tekshirish, tana haroratini o‘lchash hamda vizual monitoringni joriy etgan. Bu choralar Hindistonda Nipah virusining tarqalishi bilan bog‘liq.
Myanma Sog‘liqni saqlash vazirligi ham fuqarolarga Hindistonning G‘arbiy Bengaliya hududiga zarurat bo‘lmasa safar qilmaslikni tavsiya etgan. Shuningdek, mamlakat aeroportlarida koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan haroratni nazorat qilish tartibi yana kuchaytirilgani bildirilgan.
Vetnam Sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy hokimiyatlarga chegara o‘tish punktlari, tibbiyot muassasalari va aholi yashash joylarida nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Malayziya hukumati esa xalqaro kirish punktlarida tibbiy ko‘rik joriy etilganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Xitoy chegaradosh hududlarda kasallik tarqalishining oldini olish choralarini kuchaytirgan. Sog‘liqni saqlash organlari xavflarni baholash ishlarini boshlagan hamda tibbiyot xodimlari uchun maxsus tayyorgarlik olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida Nipah virusining o‘lim bilan kechuvchi holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. G‘arbiy Bengaliya shtatida ushbu virus bilan kasallanishning besh holati aniqlangan bo‘lib, ulardan uchtasi o‘tgan hafta qayd etilgan. Xususan, shifokor, hamshira va tibbiyot muassasasi xodimi zararlangan.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, mamlakatda Nipah virusi bilan kasallanish holatlari hamda uning hududga kirib kelishi qayd etilmagan. Shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror va to‘liq nazorat ostida.
Live
Barchasi