Nigeriyadagi mojaroda 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi
Olam
−
15 iyun 5156 1 daqiqa
Bugun, 15 iyun kuni Nigeriyaning markaziy hududlarida ikki jamoa o‘rtasida yuz bergan keng ko‘lamli etnik va yer resurslari ustidagi mojaro 102 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Hodisa asosan fermerlar va chorvadorlar o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan yer va suv resurslari bo‘yicha ziddiyat ortidan kelib chiqqan. Mahalliy aholi o‘rtasidagi nizo tez orada keng ko‘lamli to‘qnashuvga aylangan. Mojaroda o‘qotar qurollar, pichoqlar va boshqa sovuq qurollardan foydalanilgani aytilmoqda.
Voqea tungi soat 02:00 atrofida boshlangan va ikki soatga yaqin davom etgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar benzin sepib, odamlar uxlab yotgan paytda binolarga o‘t qo‘ygan. Aholining bir qismi uylarini tark etishga ulgurmagan va ularning aksariyati halok bo‘lgan.
Mahalliy hukumat voqea joyiga qo‘shimcha xavfsizlik kuchlarini yuborgan. Hukumat rasmiysi ziddiyatning kelib chiqish sabablari bo‘yicha tergov ishlari boshlangani va aybdorlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari vaziyat bo‘yicha xavotir bildirib, Nigeriya hukumati va mahalliy hokimiyatlarni ziddiyatni darhol bartaraf etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriya harbiylari xatolik tufayli jangarilardan qishloqni himoya qilayotgan mahalliy aholi guruhiga havo zarbasi bergandi. Ushbu aviahujumlar oqibatida 20 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgandi.