Neymar 980 kunlik tanaffusdan so‘ng yana Braziliya safida maydonga tushdi
Sport
−
09:32 1839 1 daqiqa
Bugun, 25 iyun kuni Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar Neymar 980 kunlik tanaffusdan so‘ng yana milliy jamoa safida maydonga tushdi. U Jahon chempionati guruh bosqichining uchinchi turida Shotlandiyaga qarshi bahsning 76-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Hujumchi boldir mushagidagi jarohati sababli musobaqaning dastlabki ikki uchrashuvini o‘tkazib yuborgan edi.
34 yoshli Neymar Braziliya terma jamoasi safida bundan oldin 2023 yil 18 oktyabr kuni maydonga tushgan edi. Shunday qilib braziliyalik futbol yulduzi 3 yillik tanaffusdan keyin yana milliy terma jamoa safida o‘yin o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun, Neymar Braziliya terma jamoasi safida 79 ta gol urgan va mamlakatning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Shotlandiyaga qarshi uchrashuv uning milliy jamoa libosidagi 129-o‘yini bo‘ldi.
Neymar ishtirok etgan har bir Jahon chempionatida jarohatlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. 2022 yilgi mundialda u Serbiyaga qarshi guruh bosqichi bahsida (2:0) jarohat olgan.
2018 yilgi Jahon chempionati arafasida hujumchi o‘ng oyog‘idan jarohat olgan va uch oy davomida tiklangan. U musobaqaga yetib kelgan bo‘lsa-da, to‘liq jismoniy holatini tiklashga ulgurmagan.
2014 yil Braziliyada o‘tkazilgan mundialda esa Neymar bel umurtqasini sindirib olgani sabab Germaniyaga qarshi yarim final uchrashuvini (1:7) o‘tkazib yuborgandi.
Live
Barchasi