Netanyaxu ovqatdan zaharlandi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 20 iyul kuni “yaroqsiz yoki buzilgan” oziq-ovqatdan zaharlandi va ichak yallig‘lanishi bilan kasallandi. Bu haqda Isroil hukumatining rasmiy sahifasida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, 20 iyulga o‘tar kechasi Netanyaxu o‘zini yomon his qila boshlagan. Hozirda uning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda. U hozirgi paytda suvsizlanish sababli tomir orqali davolanmoqda (infuzion terapiya). Yaqin uch kun davomida Bosh vazir ishini uydan turib olib boradi.

2024 yilning dekabr oyida Tel-Aviv okrug sudida Netanyaxuga nisbatan ilgari ochilgan ishlar bo‘yicha tinglovlar boshlangan edi. Sud tomonidan belgilangan tartibga ko‘ra, Netanyaxu haftasiga uch marta, har kuni olti soatdan guvohlik berishi kerak edi. Ammo bu jadval turli sabablarga ko‘ra ko‘p bor buzilgan va kasallik sabab ham Netanyaxu endi 21-22 iyul kunlari bo‘lishi kerak bo‘lgan sud majlislarida ishtirok etolmaydi. 

Netanyaxuga nisbatan bir nechta jinoiy ish ochilgan. Eng og‘ir ayblov – pora olish. Shuningdek, Netanyaxuga nisbatan firibgarlik va jamoat ishonchini suiiste’mol qilish ayblovlari ham ilgari surilgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda Isroil Bosh vazirida yurak stimulyatori implantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Operatsiya o‘tkazishga yurak ritmini kuzatish uchun avval o‘rnatilgan qurilma yurak stimulyatori implantatsiyasi zarurligini bildirganidan keyin qaror qilingan. 

Qayd etish joiz, o‘tgan yilning oxirida ham Binyamin Netanyaxu prostata bezini olib tashlash bo‘yicha muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotidan o‘tgan edi. Davolanish vaqtida Bosh vazir vakolatlarini Isroil adliya vaziri Yariv Levin bajarib turgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Binyamin Netanyaxu muntazam tekshiruv vaqtida aniqlangan umurtqa churrasi bo‘yicha operatsiya qilinishi sababli vaqtincha lavozimini tark etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bin'yamin Netan'yaxu ichak yallig'lanishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing