Nepaldagi tartibsizliklar fonida mahbuslar qamoqdan qochib ketdi

Olam

image

Nepal janubida Hindiston bilan chegaraga yaqin joylashgan Navalparasi tumani g‘arbiy qismidagi tuman qamoqxonasidan mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar fonida 500 dan ortiq mahbus qochib ketdi. Bu haqda “Kathmandu Post” gazetasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mahbuslar jazoni o‘tash muassasasiga o‘t qo‘yib, ularning ozod etilishini talab qilib, shiorlar aytgan. Vaziyatni nazorat qilish uchun qo‘riqchilar, shuningdek, armiya va politsiya bo‘linmalarining sa’y-harakatlariga qaramay, mahbuslarning aksariyati qochishga muvaffaq bo‘ldi.

“Xabarhub” portali esa Nepalning Mahottari tumanidagi Jaleshvar qamoqxonasidan namoyishchilar to‘siqlarni buzib tashlaganidan so‘ng 570 dan ortiq mahbus qochib ketgani haqida xabar bergan. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 1500 kishi saqlanayotgan Lalitpur shahridagi qamoqxonaning barcha mahbuslari ham qochib ketgan. Bundan tashqari, “India Today” telekanali xabar berishicha, mamlakat markazidagi Poxara shahridagi jazoni ijro etish muassasasidan 900 ga yaqin mahbus qochib ketgan.

Ikki kundan beri Katmandu va Nepalning boshqa shaharlarida korrupsiya va ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashga qarshi norozilik namoyishlari ortidan tartibsizliklar avj olmoqda. Mamlakat bosh vaziri Sharma Oli iste’foga chiqdi. Namoyishchilar hukumat binolariga, jumladan, parlament, Oliy sud, prokuraturaga o‘t qo‘ydi, siyosatchilar va amaldorlarning uylariga hujum qildi. Ulardan birining oqibatida Nepal sobiq bosh vaziri Jana Nath Khanalning rafiqasi halok bo‘ldi.

Nepal va Hindiston chegarasida ham tartibsizliklar yuz berdi, nazorat-o‘tkazish punktlari yopildi.

4 sentyabr kuni Nepal hukumati mamlakat Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligida belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tmagan bir qator messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklovlar kiritdi. 8 sentyabr kuni Katmandu va Nepalning boshqa bir qancha yirik shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, minglab namoyishchilar hukumat choralariga qarshi chiqdi. Namoyishlarning asosiy ishtirokchilari talabalar va Z avlod yoshlar harakati faollari edi.

Namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi jarohatlandi. 9 sentyabr kuni norozilik namoyishlari fonida rasmiylar ijtimoiy tarmoqlardagi taqiqni bekor qildi.

Namoyishlar rasmiy rahbarlarsiz o‘tgan bo‘lsa-da, ularning yuzi sifatida “Biz Nepal tarafdorimiz” (Hami Nepal) Yoshlar notijorat tashkiloti raisi Sudan Gurung namoyon bo‘ldi. Bu tashkilot yoshlarni jamiyatni o‘zgartirishda faol qatnashishga undaydi, shuningdek, internetdagi senzura va korrupsiyaga qarshi kurash olib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Nepal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing