Navoiydagi bog‘chalar ham vaqtinchalik yopildi
Jamiyat
−
14 iyul 1979 2 daqiqa
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq sababli Navoiy viloyatidagi ayrim bog‘chalar vaqtinchalik yopildi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy hafta davomida Navoiy viloyatida havo haroratining 44-45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan, tuman (shahar) hokimlarining farmoyishiga asosan quyidagi hududlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi:
- Uchquduq tumani – 2026 yil 14 iyuldan 17 iyulgacha;
- Nurota tumani – 2026 yil 14 iyuldan 17 iyulgacha;
- Tomdi tumani (2-, 4-, 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) – 2026 yil 14 iyuldan 17 iyulgacha;
- Konimex tumani (1-,2-,3-,4-,5-,6-,7-,8-,9-,10-,11-,13-,14-,15-,16-,17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) — 2026 yil 14 iyuldan 17 iyulgacha.
Bildirilishicha, viloyatning boshqa hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya-gigiyena talablari hamda zarur shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
“Mazkur qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini anomal issiqning salbiy ta’siridan himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2026 yil 20 iyul (dushanba) kunidan boshlab odatiy tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
“Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringiz salomatligiga alohida e’tibor qaratishingizni, kunning eng issiq vaqtlarida ularning ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligingizni, yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilishini ta’minlashingizni hamda shifokorlar tavsiyalariga qat’iy amal qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama yoz kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi. Keyinroq esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu choralar O‘zbekistondagi barcha hududlarda joriy qilinishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Xorazmda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilishi belgilandi.
Live
Barchasi