NATO Yaponiya bilan yangicha hamkorlik dasturini ishlab chiqmoqda
Olam
−
05 aprel 2023
3732Yaponiya va NATO hozirda yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqmoqda, bu orqali Tokio alyans bilan qator sohalarda, jumladan kiberxavfsizlikda hamkorlikni kuchaytirishga umid qilmoqda. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasining bugun, 5 aprel kuni “Politico” nashrida chop etilgan maqolasida so‘z bordi.
“Yaponiya va NATO hozirda individual hamkorlik dasturini ishlab chiqmoqda. Ushbu dastur orqali Yaponiya NATO bilan kiberxavfsizlik, kosmik, ilg‘or texnologiyalar, dezinformatsiyaga qarshi kurash kabi ko‘plab sohalarda hamkorligini sezilarli darajada mustahkamlash niyatida”, degan vazir.
Yosimasa Xayasining aytishicha, Yevropa xavfsizligi va Hind-Tinch okeani xavfsizligini endi alohida muhokama qilib bo‘lmaydi. Bugungi murakkab va og‘ir xalqaro xavfsizlik muhiti hamkorlikni faollashtirishni talab qiladi. Bu kayfiyat NATOga a’zo davlatlar va hamkor davlatlar orasida keng tarqalgan. O‘tgan yili esa tomonlar orasidagi hamkorlik sezilarli darajada chuqurlashgani qayd etilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, Yaponiya-NATO munosabatlari allaqachon o‘zini oqlagan va tomonlar qator sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Misol tariqasida Xayasi Turkiyada NATO boshchiligidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish operatsiyasida ishtirok etish uchun Yaponiya mudofaa kuchlari samolyotlari jo‘natilganini keltirgan.
So‘nggi paytlarda Yaponiya Shimoliy Atlantika alyansi bilan hamkorlikni faol ravishda kengaytirmoqda. O‘tgan yili Bosh vazir Fumio Kisida NATO sammitida qatnashgan birinchi Yaponiya hukumati rahbari bo‘lgan. Shundan so‘ng Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi NATOga mustaqil missiya kiritish, uni Bryusseldagi elchixonasidan ajratish va shu orqali missiya maqomini oshirishga qaror qilgan. Yaponiya Tashqi ishlar vazirining o‘zi ham ayni damda Bryusselda bo‘lib, u yerda NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 aprel kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi boshlangan edi. Birinchi maslahatlashuvlardan so‘ng alyansga yangi 31-a’zo Finlyandiya qo‘shilgani e’lon qilingan, NATO qarorgohlarida Finlyandiya bayrog‘i ko‘tarilgan edi.