Ko‘chmas mulk, golf va kriptovalyuta: Tramp oilasining Yaqin Sharqda qanday bizneslari bor?

Tahlil

b5ed367e-fc11-467a-9b7c-1da76472d79f

Prezidentlikni ikkinchi bor o‘tayotgan Tramp o‘zining ilk rasmiy xorijiy safarlarini boshladi. Uch kunlik mehmondorchilikni maqsad qilib yo‘lga chiqqan Amerika Prezidenti 16 maygacha Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Qatarda bo‘ladi. Ilk rasmiy tashriflarini qo‘shni davlatlardan boshlovchi Amerika prezidentlaridan farqli o‘laroq, Tramp dastavval arab davlatlari bilan yaqinlashishni lozim topadi: u birinchi muddatida ham shunday qilgan.

Ammo bu safar Tramp mintaqadagi eng yaqin harbiy va iqtisodiy hamkori Isroilga kirib o‘tmoqchi emas. Siyosatchilar uning bunday harakatlari sababini Netanyaxu bilan yomonlashgan munosabati va mamlakatga keladigan investitsiyalar bilan bog‘layotgan bir paytda ko‘pgina xorijiy nashrlar holatni Prezidentning mintaqada tobora kengayib borayotgan oilaviy biznesida ko‘rmoqda. Xo‘sh, bu iddaolar qanchalik asosli? Tramp va uning oilasi Yaqin Sharqda qanday bizneslarga ega?

Osmono‘par binolar, golf maydonlari va mintaqadagi kriptovalyuta biznesi

CNN olib borgan o‘rganishlarga ko‘ra, Tramp oilasining Yaqin Sharqdagi biznes aloqalari Prezidentning birinchi muddati davridan buyon uch barobardan ham ko‘proq oshgan. Qolaversa, Tramp Oq uyga qaytganidan keyin ham bir qator yangi loyihalar e’lon qilingan.

Hashamatli osmono‘par binolar, golf maydonlari va mintaqadagi kriptovalyuta bitimlari bo‘yicha davom etayotgan rejalari fonida Donald Tramp nafaqat AQSH Prezidenti, balki mintaqada biznes imperiyasi kengayib borayotgan bir oila patriarxi sifatida safar qilmoqda.

Uning arablar bilan moliyaviy aloqalari hukumatning etika masalalari bo‘yicha mutaxassislari xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Ularning fikricha, Trampning harakatlari mamlakat manfaatlari uchunmi yoki shaxsiy, buni aniqlash qiyin.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi Public Citizen tashkiloti hamraisi Robert Ueysmanga ko‘ra, bunday moliyaviy bog‘liqliklar xorijiy davlatlarga daromadli biznes bitimlari orqali AQSH siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.

Biroq Tramp o‘zi va hukumat o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvini qo‘ltiqlagancha olg‘a harakat qilishda davom etmoqda. U davlat lavozimida bo‘lgani holda biznes tashabbuslarini oshkor qilishdan tortinmaydi:

“Menda pul ishlash instinkti har doim bo‘lgan”, deydi Tramp.

Amerika Prezidenti birinchi muddatda ham ilk xorijiy safar uchun Saudiyani tanlaganini shunday izohladi:

“O‘tgan safar Saudiya Arabistonini tanlagandim, chunki ular bizdan 450 milliard dollarlik mahsulot sotib olishga rozi bo‘ldi. Agar bu davlat yana 450 yoki 500 milliard dollarlik mahsulot xarid qilishga tayyor bo‘lsa, ehtimol men yana borardim”, dedi u.

Oradan bir necha kun o‘tib, 23 yanvar kuni Saudiya Arabistonining MBS nomi bilan mashhur bo‘lgan valiahd shahzodasi va de-fakto rahbari Muhammad bin Salmon bundan ham kattaroq taklif bilan chiqdi: u kelgusi to‘rt yilda AQSH iqtisodiyotiga 600 milliard dollar investitsiya kiritishini bildirdi. Bu bayonot Trampning prezidentlikka qaytgan dastlabki kunlarida qabul qilgan ijro farmonlari fonida tezda unutilib ketdi.

Nyu-Yorkdagi Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi direktori, professor Muhammad Boziyning fikricha, Tramp amerikaliklar uchun manfaatli bitimlar tuzishni o‘zining asosiy maqsadi deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, bu tashrifdan mintaqadagi avtokratlar bilan aloqalarni mustahkamlash va o‘z oilaviy biznesini rivojlantirish uchun ham foydalanmoqda.

Amerika prezidentining arab do‘stlari

2020 yilgi prezidentlik saylovida mag‘lubiyatga uchragan Tramp tarafdorlari buni qabul qila olmadi va Jo Baydenni ovozlarni soxtalashtirishda ayblab, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirdi. Undan oldin esa Tramp omma qarshisida nutq so‘zlab, “hech qachon taslim bo‘lmaslik” va “oxirigacha kurashish” haqida gapirgandi. Uning bu so‘zlari “ommaviy norozilikka chaqiruv” deb talqin qilindi va ko‘plab moliyaviy hamkorlari undan uzoqlasha boshladi. Bu holat Trampning ishbilarmonlik obro‘yiga jiddiy zarar yetkazdi va Amerika biznes hamjamiyatida yakkalanib qolishiga olib keldi. Florida shtatidagi qarorgohi “Mar-a-Lago”da o‘zini yakkalagan Tramp ko‘pgina ijtimoiy media platformalari (sobiq Twitter, Facebook va Instagram)dan chetlatildi. Hatto poytaxt Vashingtondagi “Trump” mehmonxonasi ham bo‘shab qoldi.

Ammo ba’zi biznes yetakchilari, jumladan, Yaqin Sharqdagi do‘stlari Trampni tark etmadi. Shunday voqealar fonida DAMAC Properties bosh direktori Husayn Sajvoniy Tramp bilan ishlashdan mamnunligini bildirdi.

MBS boshchiligidagi davlat investitsiya jamg‘armasi esa Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan asos solingan xususiy sarmoya fondiga 2 milliard dollar investitsiya kiritdi.

2022 yili Ummonda Tramp brendi ostida Turizm agentligi hamkorligida poytaxt Maskat yaqinida kurort, golf klubi hamda villalar qurish loyihalari ishlab chiqildi. O‘tgan yozda Donald Tramp va uning o‘rtancha o‘g‘li Erik Tramp Ummon valiahd shahzodasi bilan hamkorlikni nishonladi.

Yaqin Sharqdagi bizneslar

Arab davlatlari ulkan neft va gaz eksportidan tushgan boylik hamda investitsiya qilishga tayyor davlat fondlari bilan AQSHning Kanada va Meksika kabi qo‘shnilari yoki Buyuk Britaniya va Isroil kabi an’anaviy ittifoqchilariga qaraganda Tramp uchun ko‘proq qiziqarli ekani ko‘rinmoqda.

Amerika Prezidenti safar qilayotgan mamlakatlarning har uchalasida ham Tramp brendi ostidagi ko‘chmas mulk yoki yangi qurilish loyihalari, mehmonxona va golf kurortlari milliardlab dollar qiymatga ega.

Saudiya Arabistoni: turarjoy majmualari va golf musobaqalari

Saudiya Arabistonida Trump Organization ikki ko‘chmas mulk loyihasi uchun shartnomalar imzolagan: poytaxt Ar-Riyodda Trump Tower va qirg‘oq shahri Jiddada 530 million dollarlik turar joy majmuasi. Trampning ikkinchi muddatga saylanganidan bir oy o‘tib e’lon qilingan bu kelishuvlar undan mablag‘ tikishni talab qilmaydi, ammo litsenziya to‘lovlari hisobiga millionlab dollar daromad keltiradi.

So‘nggi yillarda Tramplar oilasi Saudiya Arabistonining davlat fondi tomonidan moliyalashtirilgan LIV Golf ligasi bilan hamkorlik qilmoqda. 2021 yil 6 yanvardan so‘ng Trampning AQSHdagi bir nechta golf maydonlarida LIV Golf professional turniri o‘tkaziladigan bo‘ldi, bu esa lavozimdan ketganidan keyin ham unga millionlab dollar daromad keltirdi.

Qatar: golf kurorti va villalar

Trump Organization o‘tgan oyda Qatarda yangi golf kurorti va ko‘chmas mulk loyihasini e’lon qildi, uni Saudiya Arabistoniga qarashli Dar Global va Qatar hukumatiga tegishli kompaniya hamkorlikda quradi. Ushbu loyiha “Trump International Golf Club & Villas” deb nomlanadi va Dohadan 40 km uzoqlikda joylashgan golf maydoni, klub binosi va qirg‘oq bo‘yidagi Trump brendi ostidagi villalarni o‘z ichiga oladi. Bu ham Tramp oilaviy biznesi uchun brendlash bitimidir. Loyiha ishga tushgach, golf kurorti brend va boshqaruv to‘lovlari orqali millionlab dollar daromad keltiradi.

“The Guardian” nashriga ko‘ra, Trump Organization’ning ushbu loyihadagi sherigi Qatari Diar (davlat fondi tomonidan tashkil etilgan ko‘chmas mulk kompaniyasi) Trampning AQSH konstitutsiyasidagi xorijiy daromadlar bandini buzayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan. Bu band prezidentga Kongress ruxsatisiz xorijiy hukumat va yetakchilardan to‘lov yoki katta sovg‘alar olishni taqiqlaydi. O‘tgan yili demokratlar tomonidan tayyorlangan hisobotda Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida bizneslari orqali 20 ta xorijiy hukumatdan 7,8 million dollar ishlagani haqida e’lon qilindi. Ammo davlat kuzatuv tashkilotlari bu raqamlar kattaroq (13,6) ekanini aniqladi va Trampning ikkinchi muddatida bu miqdor yana oshishi mumkinligidan xavotirda, ayniqsa, uning ikki o‘g‘li boshqarayotgan oilaviy biznes Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan yangi bitimlar tuzayotgan bir paytda.

Birlashgan Arab Amirliklari: golf klubi, mehmonxona va kriptovalyuta

BAAda Trump Organization boshqaruvidagi yirik loyihalar allaqachon mavjud va ulardan biri – Trampning birinchi muddati davrida ochilgan “Trump International Golf Club, Dubai”. Ushbu loyiha Tramp va milliarder Husayn Sajvoniy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning bir qismi hisoblanadi. DAMAC Dubay shahrida Trump brendi ostidagi ikkinchi golf kurortini qurishi kerak edi, lekin bu loyiha ochiqlanmagan sabablarga ko‘ra kechikmoqda.

Tramp oilasining BAAdagi bizneslaridan yana biri Saudiya Arabistoniga tegishli ko‘chmas mulk kompaniyasi Dar Global tomonidan qurilayotgan 1 milliard dollarlik 80 qavatli “Trump International Hotel and Tower” mehmonxonasidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, hali qurilishi tugallanmagan hashamatli minoradagi kvartiralar dunyodagi eng baland bino – Burj-Xalifaga qaragan dunyodagi eng baland ochiq basseynga ega bo‘ladi va allaqachon har biri 20 million dollargacha sotilmoqda.

Tramp oilasining arab avtokratlar bilan aloqalari faqat ko‘chmas mulk va golf maydonlari bilan cheklanmaydi. 1 may kuni Erik Tramp va uning biznes hamkori Zak Uitkoff (AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoffning o‘g‘li) Abu-Dabi hukumatiga qarashli investitsiya fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yirik kriptovalyuta bitimini e’lon qildi. Ushbu fond World Liberty Financial tomonidan taklif etilgan raqamli valyutadan foydalangan holda 2 milliard dollar sarmoya kiritadi, bu esa Tramp va uning oilasiga yuzlab million dollar daromad keltirishi mumkin.

“Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida birinchi xorijiy safarini oilaviy biznesiga katta investitsiya kiritayotgan davlatlarga amalga oshirayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Uning korrupsiyaga moyil siyosatidan foyda olishni istagan boshqa xorijiy rahbarlar ham bunga qiziqishi tayin”, deydi Muhammad Boziy.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Yaqin Sharq Muhammad bin Salmon Trump Tower

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing