Musulmonlar idorasi Hayit namozi o‘qilmasligi haqidagi feyk xabarlarga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
13980Ijtimoiy tarmoqlarda Qurbon hayiti namozi o‘qilmasligi, bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi e’lon qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga idora Matbuot xizmati rasmiy munosabat berdi.
Qayd etilishicha, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida bundan bir yil avval pandemiya davrida – 2021 yil iyul oyida e’lon qilingan ma’lumot qayta, ya’ni takroran tarqatilmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday fatvo chiqarmagan.
“Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ko‘rsatkichlarida o‘zgarishlar bo‘layotgan bo‘lsa-da, lekin ommaviy tadbirlarni cheklash yuzasidan Respublika maxsus komissiyasining qarori e’lon qilingani yo‘q”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorda joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul – shanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror inobatga olingan.
“Qarorga muvofiq, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilandi. Qurbon hayiti namozini o‘qish yuzasidan biror o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa, rasmiy nashrlarda e’lon qilinishini bildiramiz. Mo‘min-musulmonlardan asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday xabarlarni tarqatmaslikni iltimos qilamiz”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi aholi orasida asossiz va yolg‘on xabar tarqatish Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o‘tgan.