Islom olamida yangi ittifoq. Ular kimga qarshi?
Tahlil
−
12 avgust 1354 8 daqiqa
Dunyo musulmonlari orasida ko‘p yillardan beri muhokama qilinayotgan bir g‘oya bor: musulmon davlatlari o‘z xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilish uchun bir yoqadan bosh chiqara oladimi? Ayniqsa, Isroilning G‘azoga bosqini va musulmon davlatlarning bunga yo‘l qo‘yib bergani ortidan aktuallashgan ushbu savol bugun o‘z javobini topmoqda. Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston Makka shahrida tarixiy uch tomonlama mudofaa shartnomasini imzoladi.
Bu uch davlat o‘rtasida ko‘p bora turli o‘zaro harbiy shartnomalar imzolangan. “Makka qo‘shma mudofaa shartnomasi” deb nomlangan kelishuv esa shunchaki navbatdagi harbiy hamkorlik hujjati emas. Hujjatda xuddi NATOning 5-moddasi yoki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotining 4-moddasidagi kabi ittifoqchilarning biriga qilingan hujum qolgan sheriklarga ham ta’sir etishi belgilangan. Bu norma oldingi kelishuvlarda bo‘lmaganligi tufayli “Makka shartnomasi” xalqaro geosiyosiy xaritani o‘zgartirishi mumkinligi aytilmoqda.
Ammo savollar ko‘p. Nega aynan Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston? Bu kelishuv kimga qarshi qaratilgan? U haqiqiy harbiy ittifoqqa aylanadimi yoki mintaqadagi yangi kuchlar muvozanatini shakllantirish uchun siyosiy signal bo‘lib qoladimi? Eng muhimi esa – Makkada boshlangan bu uchlik kelajakda boshqa musulmon davlatlarini ham birlashtira oladimi? Bugun shu kabi savollarga javob topamiz.
Makkadagi birlashuv
7 avgust kuni Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida uch tomonlama mudofaa kelishuvi Makka shahrida imzolandi. Hujjat Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Saudiya Arabistoni valiyahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon hamda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida rasmiylashtirildi.
“Makka qo‘shma mudofaa bitimi” deb nomlangan kelishuv uch davlatning xavfsizligini mustahkamlash, umumiy tahdidlarini oldini olish va mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Hujjatga ko‘ra, uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum qolgan ikki davlatga ham qilingan hujum sifatida qaraladi.
Shu sabab ayrim ekspertlar mazkur tuzilmani “musulmon NATOsi”ning boshlanishi deb atamoqda. NATOning 5-moddasiga ko‘ra ham xuddi shunday bir a’zoga qilingan hujum barcha a’zolarning harbiy javob qaytarishiga sabab bo‘ladi. Ammo bugun bu davlatlarning faqat uch nafar ekanligi, boshqa musulmon aholili davlatlarni qamrab olmagani tufayli hali NATO kabi ko‘lamga ega emas.
“Musulmon dunyosining eng nufuzli uchta davlati noaniqlik kuchaygan bir paytda yig‘ilishmoqda, bu mintaqaviy va o‘rta davlatlar o‘rtasida xavfsizlik masalalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilishga bo‘lgan ishtiyoqning ortib borayotganini namoyish etadi”, deydi Saudiyada joylashgan tahlil markazi bo‘lgan Fors ko‘rfazi tadqiqotlari markazi raisi Abdulaziz Sager.
Bundan oldin ham mamlakatlar o‘rtasida qator harbiy kelishuvlari imzolangan edi. Bunga yaqqol misollardan biri Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida 2025 yilning 17 sentyabr sanasida Ar-Riyod shahrida imzolangan “Strategic Mutual Defence Agreement” ya’ni “O‘zaro strategik mudofaa kelishuvi”dir. Hujjatga ko‘ra, ikki davlatdan birortasiga qilingan har qanday tajovuz har ikkala davlatga qilingan tajovuz deb baholanishi kerak edi. Bundan tashqari, shartnoma ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan beri mavjud bo‘lgan harbiy tayyorgarlik va tajriba almashish jarayonlarini rasmiy, huquqiy va mustahkam asosga o‘tkazdi.
Pokiston va Turkiya o‘rtasida esa 2025 yil 13 fevralda Islomobod shahrida qator harbiy hamkorlik hujjatlari imzolangandi. “Pokiston-Turkiya yuqori darajali strategik hamkorlik kengashi”ning 7-yig‘ilishi doirasida imzolangan 24 ta hujjat ichida o‘zaro havo kuchlari elektron urushi sohasida hamkorlik qilish hamda mudofaa ishlab chiqarishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarida anglashuv memorandumlari imzolangan edi.
Biroq bu galgi ittifoq ikki tomonlama emas, uch tomonlama ekanligi va to‘liq mudofaa hamkorligiga e’tibor qaratilgani shartnomaning ahamiyatini ifoda etadi. Turkiya NATOda AQSHdan keyingi eng katta harbiy qudratga ega. Saudiya Arabistoni Islomning eng muqaddas joylariga mezbonlik qiladi va dunyodagi eng yirik neft eksportchilaridan biri, Pokiston esa yadroviy qurolga ega yagona musulmon davlatidir. Bir so‘z bilan aytganda turli sohalarning yetakchi musulmon davlatlari.
Turkiya vitse-prezidenti Jevdat Yilmaz kelishuv muayyan davlatga qarshi qaratilmaganini aytgan. Hoqon Fidan ham yangi ittifoq Eron yoki boshqa bir davlatga qarshi emasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad uch davlat xavfsizligini umumiy tarzda qo‘llab-quvvatlashdir.
Saudiya Arabistoni jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha vazirining o‘rinbosari Rayed Krimlih ham ijtimoiy tarmoqlardagi postida ushbu kelishuv harbiy o‘q yoki mazhablararo blokni yaratishga urinish emasligini aytgan.
“Bu hech qanday yadroviy ambitsiyalar yoki qurollanish poygasi bilan bog‘liq emas”, deydi u.
Eron ham Makka kelishuvidan jiddiy xavf kutgani yo‘q. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi 10 avgust kuni rasmiy bayonot berib, “Makka kelishuvi”da Tehronni xavotirga solishi mumkin bo‘lgan qoidalar yo‘qligini bildirdi.
“Ayni paytda gap dini, tarixi va sivilizatsi mushtarak bo‘lgan uch mamlakat – Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni haqida borayotgani sababli, bu kelishuv Eronga qarshi qaratilgan deb xavotirlanishimizga hech qanday asos yo‘q”, deydi Ismoil Bag‘oiy.
Shuningdek, bayonotda Eronning Turkiya va Pokiston bilan iliq munosabatlarda ekanligi eslatib o‘tilgan. Tehronning fikricha, ushbu bitim mintaqa mamlakatlari AQSH va boshqa bir qator tashqi kuchlarning xavfsizlikni ta’minlash haqidagi va’dalariga tayana olmasligidan kelib chiqqan.
Uchlik esa allaqachon qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni amalga oshirishga kelishib olgan. Shu yilning kuzidan boshlab, kelishuv doirasida armiyalar o‘rtasida kadrlar, harbiy ishlanmalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Agar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar samarali bo‘lsa, hali bu ittifoqning tarkibi ham kengayishi ehtimoldan xoli emas.
“Pishib yetilgan” muammolar
Yaqin Sharqda yangi harbiy-siyosiy uchlik paydo bo‘lishi tasodifiy hol emas, yana bunday tarkib ortida uzoq vaqtdan beri “pishib yetilgan” muammolar borligi aniq. Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston, har birining hal qilishi kerak bo‘lgan muammolari, xavotirlar yetarli.
Shunchaki ayni paytdagi geosiyosiy vaziyatda umumiy bir baho beraylik. AQSHning mintaqadagi xavfsizlik roliga savollar ko‘paymoqda, na Eron, na Isroil Trampning yo‘rig‘idan yurmoqda. Yaqin Sharqdagi hozirgi keskinlikni inobatga olsak Saudiya Arabistoni uchun xavfsizlik masalasi naqadar o‘rinli ekanligini anglash qiyinmas. Isroil bilan munosabatlar musulmon davlatlari uchun tobora nozik masalaga aylanayotgani ham hech kimga sir emas. Shunday ekan, bugun hamma qo‘shnisi bilan o‘rtadagi devorni balandroq va mustahkamroq qilishga intilmoqda.
AQSH Prezidenti Donald Tramp sal avvalroq Saudiya Arabistoniga Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilmasa, u bilan fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymasligini ma’lum qilgan edi. Garchi Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish masalasini Falastin davlatchiligi bo‘yicha yo‘l xaritasi bilan bog‘lab kelayotgan bo‘lsada, AQSHning bunday zo‘rma-zo‘raki shartlari har qanday hukumatga og‘ir kelishi tabiiy.
Shu nuqtada Makkadagi kelishuvning asl mazmuni yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Balki ushbu “musulmon NATOsi” Trampning so‘roviga yengil tarsaki bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari Ar-Riyod ko‘p yillar davomida xavfsizlik masalasida AQSHga tayanib keldi. Saudiya Arabistoni uchun Amerika harbiy soyaboni mintaqadagi eng muhim xavfsizlik kafolatlaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillardagi urushlar bu kafolatning qanchalik ishonchli ekaniga savollar tug‘dirdi. Aynan AQSHning harbiy bazalari bugun Saudiyani Eronning nishonlaridan biriga aylantirib qo‘ymoqda. Bundan tashqari, butkul Amerika harbiylariga tayanish, Vashingtonning minnatlariga ham sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Yangi ittifoq esa aynan AQSHning harbiy yordamlaridan biroz bo‘lsa-da chekinish va diversifikatsiya qilish bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Shunday qilib, Ar-Riyod bir tomonda Pokistonning harbiy kadrlari va tajribasi, ikkinchi tomonda Turkiyaning mudofaa sanoati va texnologiyalarini o‘z xavfsizlik arxitekturasiga yaqinlashtirmoqchi.
Gap faqat Saudiya Arabistonida emas, Ittifoqning har uch a’zosida o‘ziga yarasha sabablar bor. Anqara NATOning ikkinchi eng yirik armiyasiga ega bo‘lsa-da uni yevropaliklar uncha chiqishtirmasligi bor gap. Bndan tashqari AQSHning moliyaviy ko‘magisiz NATOning “kemasi” ham asta-sekin cho‘kayotgandek. Shunday ekan, hozir “yangi kemaga o‘tishning” ayni vaqti.
Shu bilan birga, Turkiya so‘nggi yillarda mustaqil mudofaa sanoatini jadal rivojlantirib, o‘zini faqat NATO doirasidagi harbiy kuch sifatida emas, balki alohida mintaqaviy markaz sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Yangi harbiy ittifoqning liderlaridan biri bo‘lish esa bunda asqatadi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ham kelishuv kelajakda boshqa davlatlar uchun ham ochiq ekanini aytdi. Misr potensial ishtirokchilardan biri sifatida tilga olindi. Fidan, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning uch davlat bilan cheklanib qolmay, mintaqadagi boshqa davlatlarni ham ushbu tuzilma ostida birlashtirishni istayotganini bildirgan. Bu esa Anqaraning kelajakdagi ambitsiyalarni yaqqol namoyon etadi.
Bundan tashqari, Isroil bilan o‘rtadagi sovuq munosabatlar Turkiyani ham devorlarini mustahkamlash va ittifoqchilarini kengaytirishga undayotgan bo‘lsa ajab emas. Saudiyadek boy, Pokistondek yadroviy quroliga ega do‘stning bo‘lishi har xolda Isroilni ham o‘ylab ish qilishga majbur qiladi.
Garchi Makkadagi kelishuvni Turkiyaning NATOdan chiqishga tayyorgarligi sifatida talqin qilish hozircha noto‘g‘ri bo‘lsa-da Turkiya bu ittifoqdan yutqazmasligi aniq.
Islomobod uchun Makkadagi kelishuvning eng katta qiymati shundaki, Pokiston o‘z harbiy salohiyatini nafaqat Janubiy Osiyoda, balki undan tashqarida ham namoyish qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Pokistonning asosiy xavfsizlik muammolaridan biri Hindiston bilan uzoq yillik qarama-qarshilik va so‘nggi vaqtlarda aktuallashgan Afg‘oniston bilan bog‘liq xavfsizlik masalalaridir. Makka kelishuvi esa Pokistonning har ikki qo‘shnisiga bir xil signalni yo‘llaydi: “Enid Pokistonga qilingan har qanday hujum Turkiya va Saudiya Arabistonining ham keskin javobiga sabab bo‘lishi mumkin.”
Bir narsani eslatib o‘tish kerakki, ushbu kelishuv ayni bir davlatga qarshi yo‘nalgani haqida aniq aytilmagan, aytilmaydi ham. Xalqaro munosabatlardagi siyosiy tilning mohiyati ham shunda aslida. Shunday ekan yuqorida sanalgan sabablar ham mutlaq haqiqat emas, balki bizga ma’lum jihatlardan kelib chiqib qilingan prognozlardir.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust