Mundial ekologik tanqidlar ostida qoldi
Sport
−
23 Oktabr 1439 2 daqiqa
2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining atrof-muhitga ta’siri borasidagi xavotirlar kuchaymoqda. Akademiklar, futbolchilar va muxlislar kengaytirilgan musobaqaning ekologik xarajatlarini keskin tanqid qilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladigan bu turnirda 48 ta jamoa 104 ta o‘yinda maydonga tushadi. Bu avvalgi musobaqalardan 40 ta o‘yinga ko‘p. "Scientists for Global Responsibility" (SGR) tadqiqotlariga ko‘ra, kengaytirilgan Jahon chempionati 9 million tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindisini keltirib chiqaradi va “tarixdagi eng iqlimga zarar yetkazuvchi musobaqa”ga aylanadi.
Bundan tashqari, 16 ta mezbon shahardan 14 tasida o‘ta issiq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Mutaxassislar soat 12:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqtni “futbol o‘ynab bo‘lmaydi” deb baholashmoqda. FIFA o‘yinlar jadvalini o‘zgartirish va yopiq tomli stadionlardan foydalanishni rejalashtirmoqda, ammo tanqidchilar xavf maydondan tashqarida muxlislar, xodimlar va OAV vakillari orasida bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Shuningdek, ob-havo mutaxassislari kelasi yilgi musobaqa tarixdagi eng issiq jahon chempionati bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Texas, Florida va Meksikada harorat 44-50°C oralig‘ida qayd etilgan edi.
Futbolchilar ham bu holatdan xavotirda. Professional Futbolchilar Assotsiatsiyasi (PFA) vakili Devid Uiler “yirik tashkilotlar sportning ekologik mas’uliyatini yetarlicha jiddiy qabul qilmayapti” deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Musobaqa tarixda ilk bor bir vaqtning o‘zida uchta davlat AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi.