Mumbayda kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Hindistonning Mumbay shahrida tinimsiz yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir oqibatida bir guruh turarjoy binolari qulab tushdi. Hodisa oqibatida kamida olti kishi, jumladan, besh nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, fojia shaharning sharqiy qismidagi Mankhurd hududida sodir bo‘lgan. Xarobalar mavzesida joylashgan ikki-uch qavatli bir nechta bino qulab tushgan. Qurbonlar orasida bir nafar ayol ham bor. Kuchli yog‘ingarchilik shahardagi transport tizimiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Mumbay-Pune tezyurar avtomobil yo‘lida ko‘chkilar yuz berib, magistral vaqtincha yopilgan. Oqibatda ikki shahar o‘rtasidagi transport harakati to‘xtatilgan.

Telekanallar tarqatgan tasvirlarda yo‘lga qulagan beton bo‘laklari va tunnellar tomidan oqib tushayotgan yomg‘ir suvlari aks etgan. Noqulay ob-havo sabab aviqatnovlar va Mumbay-Pune yo‘nalishidagi ayrim poyezdlar ham bekor qilingan.

Shuningdek, bugun, 6 iyul kuni kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari sabab maktab hamda kollejlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Mahalliy OAV ko‘chalarda suv kechib yurgan aholi tasvirlarini e’lon qilgan.

Qayd etilishicha, kuchli yog‘ingarchilik oqibatida shaharda daraxtlar ham qulab tushgan. O‘tgan oy oxiridan buyon bu kabi hodisalar sabab kamida uch kishi halok bo‘lgan. Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, Mumbayda bir sutka davomida 100 millimetrdan ortiq, ayrim hududlarda esa 161 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilgan. Hindiston meteorologiya xizmati yaqin kunlarda ham mamlakatning ayrim hududlarida yomg‘irlar davom etishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 iyul kuni Pokistonning bir qator hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odamlar jarohatlandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing