Pokistonda kuchli yomg‘ir oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
02 iyul 1694 2 daqiqa
Bugun, 2 iyul kuni Pokistonning bir qator hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi. Bu haqda “The Nation” xabar berdi.
Eng ko‘p talafot Svat tumanida qayd etilgan. Sayfulloh ko‘lida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida bir oilaga mansub olti nafar sayyoh halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar ularning jasadlarini topgan, yana bir ayolni qidirish ishlari davom etayotgani qayd etilgan.
Attok tumanida kuchli yomg‘ir oqibatida devor va tomlarning qulashi sabab uch kishi halok bo‘lgan. Landi Kotal hududida esa chaqmoq urishi tufayli ikki nafar bola hayotdan ko‘z yumgan, yana to‘rt kishi jarohat olgan. Yuqori Dir tumanidagi madrasada chaqmoq urishi oqibatida 20 nafar o‘quvchi jarohatlangan.
Job hududida uy tomining qulashi oqibatida bir ayol va bir bola halok bo‘lgan. Abbotobodda yomg‘ir suvi avtomobilni oqizib ketishi oqibatida uch kishi jarohatlangan. Mardon shahrida esa bo‘ron vaqtida devor va reklama peshtoqining qulashi sabab ikki nafar bola va yana bir kishi tan jarohati olgan. Shuningdek, bir kishi chaqmoq urishi natijasida vafot etgan.
Kuchli yog‘ingarchilik Islomobod va Ravalpindida havo haroratini pasaytirgan bo‘lsa-da, Lahorda elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklar tufayli elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergan. Haripur, Abbotobod va Gujrat kabi hududlarda yo‘llar, bozorlar hamda pastqam joylarni suv bosgan.
Pokistonning Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi Gilgit-Baltiston, Xaybar Paxtunxva va Ozod Kashmir hududlarida muzlik ko‘llarining yorilishi oqibatida suv toshqinlari yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgan. Shuningdek, tog‘li hududlardagi soy va jilg‘alarda suv sathi keskin ko‘tarilishi ehtimoli qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kot-d’Ivuarda kuchli yog‘ingarchiliklar keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 59 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi