Modi SHHT sammitidan oldin O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda
Olam
−
19:01 972 3 daqiqa
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi joriy yilning 28 avgust kuni O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda “StratNewsGlobal“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng u joriy yilning 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Modining O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy hamkorlik, transport yo‘laklari, mudofaa, tog‘-kon sanoati hamda muhim minerallar masalalari muhokamasidan iborat. Tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning yaqinda Nyu-Dehliga qilgan tashrifi davomida jadallashgan.
Ekspertlarga ko‘ra, tashrifning SHHT sammiti arafasida tashkil etilishi tasodif emas. Hindiston Markaziy Osiyodagi eng yirik va aholi soni bo‘yicha eng katta davlat hisoblangan O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga intilmoqda. Javohirlal Neru universiteti professori Rajan Kumarning fikricha, Toshkent Nyu-Dehli uchun mintaqadagi eng muhim hamkorlardan biri hisoblanadi.
Modi O‘zbekistonga 2015, 2016 va 2022 yillarda ham tashrif buyurgan. Endi tomonlar siyosiy yaqinlikni iqtisodiy natijalarga aylantirishga e’tibor qaratmoqda.
2025 yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 1,3 milliard dollarga yetgan. Tomonlar farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektronika, to‘qimachilik va kimyo sanoati sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohasi ham istiqbolli yo‘nalishlar qatorida ko‘rilmoqda. Biroq ekspertlar savdo hajmi mavjud salohiyatga mos emasligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, transport aloqalari yaxshilansa va hamkorlik puxta rejalashtirilsa, o‘zaro savdo bir necha baravar oshishi mumkin.
Shuningdek, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlik yo‘li mavjud emas. Shu sababli, Nyu-Dehli Eron orqali Markaziy Osiyoga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu borada Chobahor porti hamda Xalqaro Shimol–Janub transport koridori muhim ahamiyat kasb etadi.
Tog‘-kon sanoati ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Hindiston ilg‘or ishlab chiqarish, elektronika va toza energiya loyihalari uchun zarur bo‘lgan muhim minerallarga ehtiyoj sezmoqda. O‘zbekistonning boy mineral resurslari esa ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada dolzarb qilmoqda.
Shu bilan birga, mudofaa va xavfsizlik masalalari ham kun tartibidan o‘rin oladi. Hindiston va O‘zbekiston har yili terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan “Do‘stlik” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham tomonlar muntazam muloqot olib boradi.
Modining O‘zbekistonga tashrifi Bishkekdagi SHHT sammiti arafasida bo‘lib o‘tadi. Hindiston uchun SHHT terrorizm, xavfsizlik, transport aloqalari, energetika va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi. Shu bois Nyu-Dehli ko‘p tomonlama muzokaralar boshlanishidan oldin Toshkent bilan strategik masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga intilmoqda.
Ekspertlarning fikricha, 28 avgust kungi tashrif O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport loyihalarini ilgari surish hamda Markaziy Osiyodagi strategik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Live
Barchasi