Misrda Kleopatra davriga oid topilma aniqlandi
Olam
−
20 Sentabr 5185 2 daqiqa
Misrda arxeologlar Kleopatra davriga oid cho‘kkan portni topdi. Bu haqda Misr Turizm va arxeologiya ishlari vazirligining Facebook’dagi sahifasida xabar berildi.
Unga ko‘ra, bu topilma mashhur malikaga oid qabrtoshni qidirishda yordam berishi mumkin. Dominikan arxeologik ekspeditsiyasi tosh va metall langarlar, ko‘plab qadimiy amforalar hamda ichki port qoldiqlarini aniqlagan.
Shuningdek, tadqiqotchilar Taposiris Magna ibodatxonasini dengiz bilan bog‘lab turgan tunnellarni ham topishga muvaffaq bo‘lgan. Ekspeditsiya rahbari doktor Ketlin Martinesning aytishicha, bu topilmalar Kleopatraning sevgilisi Mark Antoniy bilan birga aynan shu ibodatxonada dafn etilgan bo‘lishi ehtimolini kuchaytiradi.
Ma’lumot uchun, Qadimgi Misr malikasi Kleopatra eramizdan avvalgi 69 yilda tug‘ilgan, 18 yoshida taxtga o‘tirgan va hokimiyatni ukasi Ptolemey XIII bilan bo‘lishgan. Ammo yosh hukmdorning maslahatchilari uning nomidan hokimiyatni egallab olishga uringanida, Kleopatra surgun qilingan. Keyinchalik u Yuliy Sezarning e’tiborini qozongan, uning o‘limidan so‘ng esa Kleopatra taqdirida Mark Antoniy muhim rol o‘ynagan. Rimliklar Misrni bosib olganidan keyin Kleopatra o‘z joniga qasd qilgan va sevgilisi Mark Antoniy yoniga dafn etilgan. Ammo ularning qabri hanuz topilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning g‘arbiy qismidagi Singxay provinsiyasida miloddan avvalgi 221–207 yillar oralig‘ida hukmronlik qilgan Sin sulolasi davriga oid 2 200 yildan ham qadimiyroq bo‘lgan qoyatosh yozuvi topilgandi.
Live
Barchasi