Misrda qonli YTH: avtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvida 13 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10:21 703 1 daqiqa
Misrda sayyohlik avtobusi yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 34 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Khaleej Times” nashri davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH kecha, 20 oktyabr kuni Qohira–Asyut G‘arbiy cho‘l avtomobil yo‘lida, Giza hududida sodir bo‘lgan.
Misr Sog‘liqni saqlash va aholi vaziri Xolid Abdul G‘afforning ma’lum qilishicha, hodisa joyiga 28 ta tez yordam mashinasi yuborilgan. Jarohatlanganlar tibbiy ko‘rik va davolanish uchun 6 oktyabr markaziy shifoxonasiga olib borilgan.
Vazir jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlashni buyurgan. Shuningdek, hodisa joyiga yaqin shifoxonalarning favqulodda holatlarga tayyorgarligini kuchaytirish topshirig‘i berilgan.
“France Press” agentligi muxbiri hodisa joyida yo‘lni tozalash ishlari olib borilganini xabar qilgan. To‘qnashuv oqibatida avtobusning old qismi butunlay vayron bo‘lgan, yo‘lda esa singan metall bo‘laklari va boshqa chiqindilar sochilib ketgan. Uni ko‘tarish uchun maxsus krandan foydalanilgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida avtomobil yo‘lda turgan tuyani urib yuborganidan so‘ng qarshi yo‘lakka chiqib ketib, boshqa mashina bilan to‘qnashgandi va oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr