Misrda dunyodagi eng yirik harbiy shtab ishga tushdi (video)
Olam
−
17:41 2343 2 daqiqa
Misr poytaxti Qohiradan taxminan 45 kilometr sharqda qurilayotgan mamlakatning yangi ma’muriy poytaxtida dunyodagi eng yirik harbiy qo‘mondonlik markazi rasman ochildi. U o‘zining sakkiz burchakli arxitektura konsepsiyasi tufayli Oktagon deb nomlandi. Bu haqda “Ahram Online” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Misr Qurolli kuchlarining yangi Strategik qo‘mondonlik shtabi mamlakat harbiy boshqaruv tizimining asosiy elementiga aylangan. Majmua armiya, hukumat vazirliklari va davlat muassasalari o‘rtasida yagona qo‘mondonlik, boshqaruv, aloqa va muvofiqlashtirish markazi vazifasini bajaradi.
Oktagon Misr Qurolli kuchlarining turli qo‘shin turlari va strategik bo‘linmalarini ramziy ifodalovchi, o‘zaro bog‘langan sakkizta asosiy binodan iborat. Majmua markazida asosiy qo‘mondonlik binosi joylashgan bo‘lib, u harbiy rahbariyatning uzluksiz ma’lumot almashinuvi va harakatlarini muvofiqlashtirishni ta’minlaydi.
Majmua qariyb 92 kvadrat kilometr maydonni egallagan bo‘lib, u 13 ta strategik va logistik hududga bo‘lingan. U yerosti ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar), bulutli raqamli infratuzilma, zamonaviy sun’iy yo‘ldosh razvedka vositalari, katta hajmdagi ma’lumotlarni (Big Data) tahlil qilish uchun sun’iy intellekt tizimlari hamda ilg‘or kiberhimoya vositalari bilan jihozlangan.
Nashrning xabar berishicha, ob’ekt portlashlar va havo hujumlariga bardosh bera oladigan himoya muhandislik yechimlari qo‘llanilgan holda loyihalashtirilgan. Majmua, shuningdek, avtonom elektr, suv ta’minoti va sovutish tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lib, bu favqulodda vaziyatlarda ham uning faoliyatini barqaror saqlab turish imkonini beradi.
Oktagon arxitekturasi qadimgi Misr ramzlari va muvozanat, tartib hamda aniqlikni ifodalovchi sakkiz burchakli geometriyadan ilhomlangan holda yaratilgan. Loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, shtab strategik qarorlarni tezkor qabul qilish, inqirozli vaziyatlarni markazlashtirilgan holda boshqarish va Misrning mudofaa salohiyatini mustahkamlashni ta’minlashi lozim.
Live
Barchasi