Misrda bortida 220 nafar sayyoh bo‘lgan kema yonib ketdi (video)
Olam
−
30 Oktabr 6621 2 daqiqa
Misrda "Iberotel Crown Empress" nomli sayyohlik kruiz laynerida yong‘in sodir bo‘ldi. Kema bortidan 200 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, favqulodda hodisa kecha, 29 oktyabrga o‘tar kechasi Nil daryosida yuz bergan. Yong‘in kemaning oshxonasida boshlangan va tezda butun korpusni qamrab olgan. Kema ekipaji xavf signalini bergan va yo‘lovchilarga yuqori palubaga chiqishga yordamlashgan.
Kema tezkor tarzda Esna yaqinidagi norasmiy langar joyiga to‘xtatilgan, bu esa turli mamlakatlardan bo‘lgan 220 ga yaqin sayyohni evakuatsiya qilish imkonini bergan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Ma’lum qilinishicha, kemadagi sayyohlar Nil bo‘ylab 12 kunlik safarga chiqishlari kerak bo‘lgan, ammo yong‘in safarning birinchi kunidayoq yuz bergan.
“Bu chinakam vahima edi. Odamlar nima qilishni bilmay qolishdi. Ba’zi yo‘lovchilar trap orqali xavfsiz joyga chiqib olishdi, boshqalari esa xonalarini tark eta olmay, nihoyat ikki kichik qayiq yordamida qutqarildi”, deydi sayyohlardan biri.
Yo‘lovchilar, shuningdek, o‘z hayotini saqlab qolish uchun bagajlarini kemada qoldirishga majbur bo‘lganini aytgan.
Prokuratura holat yuzasidan tergov boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga sabab kemaning oshxonasida chiqqan qisqa tutashuv bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Batam orolida ta’mirdagi tanker yonib ketishi oqibatida 10 kishi halok bo‘lgandi. Halok bo‘lganlarning barchasi Federal II tankerida ishlagan ishchilar bo‘lgan. Yana 21 nafar ishchi tan jarohati olgan.
Live
Barchasi