Mirziyoyevaga Tramp oilasidan hurmat, Abdurahmonovning pora bilan ushlangan o‘rinbosari, Ichki ishlarning yuzini ochgan “daydi operatsiyasi” – Hafta tahlili
Tahlil
−
12 aprel 8043 15 daqiqa
O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda bir qarashda turlicha ko‘ringan, ammo mazmunan bir-biriga tutash muammolar yana yuzaga chiqdi. Andijonda yirik poraxo‘rlik holati fosh etildi, ichki ishlar tizimidagi shubhali “plan”lar muhokama markaziga aylandi, san’atkorlar soliq masalasida bir-biriga qarshi chiqdi. Bu voqealarning barchasi bir savolni o‘rtaga tashlaydi: tizim haqiqatan o‘zgaryaptimi yoki muammolar faqat shaklini almashtiryaptimi?
$50 mingga “tomog‘idan ilingan” hokim o‘rinbosari
Bundan roppa-rosa bir yil avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurib, 2021 yildan buyon barpo etilayotgan Yangi Andijon shaharchasiga Bobur nomini bergandi. Shu munosabat bilan 15 aprel kuni shaharchaning sharafiga tantanali marosim tashkil etilgandi. Oradan bir yil o‘tib, shaharchadagi yerlarni noqonuniy ravishda sotish bilan bog‘liq yirik holat aniqlandi.
Qo‘lga esa mayda emas, laqqa, nahang baliq tushdi. Andijon hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning o‘rinbosari Isomiddin Ismanov. Lavozimga tayinlanganiga bor-yo‘g‘i 4 oy bo‘lgan Ismanov 50 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotganda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ismanov bilan sodir bo‘lgan voqealar bungacha aniqlanganlaridan keskin farq qilmaydi, ssenariy deyarli bir xil. U Bobur shahri hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini auksionga qo‘ydirib, so‘ngra yutib berish hamda tadbirkor nomiga rasmiylashtirib, kelgusida bu joyda qurilish ishlari amalga oshirishi uchun ruxsatnoma olib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilgan.
Kamiga u pulni o‘z uyida olgan va shu zahoti Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibslangan. 5 aprel kuni Ismanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qizig‘i shundaki, Isomovning o‘zi huquq-tartibot organlariga begona emas. Pora bilan qo‘lga tushgan ushbu shaxsning o‘zi aslida huquq himoyachisi. U 2022–2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, 2025 yil may oyidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti, tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, 2025 yil dekabr oyida Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Daromadlarni deklaratsiya qilish
Umuman olganda bu Ichki ishlar mansabdorlari bilan shu yilning o‘zida aniqlanayotgan birinchi holat emas. Vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti Rustam Tursunov ham lavozimidan ozod etilib, davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.
Amaldorlarning poraxo‘rligiga chek qo‘yishning eng katta natija beradigan xalqaro tajribadan o‘tgan usuli albatta daromadlarni deklaratsiya qilish. O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan. Biroq, hujjat qabul qilinganidan 5 yil o‘tdi hamki, bu qonundan darak yo‘q. U unutildi, unuttirildi.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. QALAMPIR.UZ manbalariga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Lekin, natija yo‘q!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, yana natija yo‘q. Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilishi, mansabi va lavozimiga ishonib yurganlar ham ayab o‘tirilmasligini aytgandi.
“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”, dedi davlat rahbari.
Toshkentda profilaktika inspektorlariga daydi topish buyurildi
Oxirgi paytlarda sohaga dog‘ tushirayotgan oshib boryapti. Ular doim bo‘lgan, to‘g‘rirog‘i endi yashirilmayapti. Avvallari qaysidir sohalarda aniq planlar bo‘lganini ko‘p eshitganmiz. Masalan, taksi haydovchilari, paxta terimchilari, konduktorlar... Lekin ichki ishlarda jinoyatchilikni aniqlash, jinoyatchi yo huquqbuzar topilmasa, uni o‘ylab topish, planni bajarish aqlbovar qilmas, ta’bir joiz bo‘lsa, sharmandali hodisa. Afsuski, yashasang ko‘raversan, deganlaridek bunisini ham ko‘rdik.
Joriy yilning 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimining profilaktika inspektorlariga daydi topib, bayonnoma rasmiylashtirishni buyurgani haqida audio va video tarqaldi.
“Profilaktika inspektorlari, men sizlarga yana qaytib aytyapman, yana bir marta aytyapman: daydi nol bo‘lib yotibdi, vijdonsiz. Daydi yo‘qmi Olmazor tumanida? Daydini qo‘yib yuboraverasanlar protokol yozib. Daydi qani hozir?”, deydi u.
Shuningdek, audioda xodimlar daydi bo‘lmasa qarindoshini daydi qilib ko‘rsatib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishi kerakligi aytilgan.
“Profilaktika inspektorlari, mana hozir men va’da berdim. Soat 12:00 gacha 300 ta qilishim kerak. Hozir og‘ayni, bittang agar “parod” qilsang xafa bo‘lma. Hammang – “noch-poch”, hamma chiqsin hozir. Men o‘zim ham chiqaman, mana”, deydi u.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Videotopshiriqni bergan mansabdor gapida kechki yig‘ilishda daydilar bo‘yicha yuqorida o‘tkaziladigan yig‘ilishda hisobot berishi kerakligi, 300 tagacha holat rasmiylashtirilishi shartligini aytgan. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur masalaga munosabat bildirarkan, yil boshidan buyon poytaxtda 283 ta daydi va 210 ta tilanchilik bilan shug‘ullangan shaxs aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgani ma’lum qilgan.
“Profilaktika inspektorlari, bir soat vaqtimiz qoldi. Hozir hisob-kitob bo‘ladi. Men borishni xohlamayman. “Davay”, hozir gazlaymiz, 300 taga chiqdi. 200 ta protokolmiz qoldi. Chiq, hammang ko‘chaga. Chiq, bir soat vaqtimiz qoldi. Hammang chiq ko‘chaga. Mana yig‘ilish bo‘lyapti, gapirayapti, e’tiroz bo‘lib”, deydi u.
Ushbu xodim ishdan olindi. Holat bo‘yicha hozirda xizmat topshirig‘i olib borilmoqda.
Xo‘sh, kimga ishonish kerak? Agar plan bo‘lmasa, Olmazordagi mansabdor kimga hisob berishi, qaysi majlisda ishtirok etishi kerak edi? Bu savollar afsuski ochiq qolmoqda.
O‘ylaysizki, Ichki ishlarda bir xodim ishdan ketdiyu olam – gulistonmi? Ichki ishlardagilar o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan shug‘ullanmayaptimi? Shug‘ullanyapti va bu masala shu haftaning o‘zida Prezident huzurida o‘tgan jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish masalasidagi yig‘ilishda ham muhokama qilindi.
Unda profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari ko‘payib ketgani oqibatida mahalla xavfsizligi va jinoyat profilaktikasiga yetarli e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilingan. Profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularning bevosita o‘ziga yuklatilgan ishga – mahallada xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga to‘liq yo‘naltirilgan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berilgan.
O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida galdagi ildam qadam
Tarixda ilk bor O‘zbekiston va AQSH munosabatlari o‘zining eng yuqori pallasini yashab o‘tmoqda. Prezidentlar o‘rtasidagi bordi-keldilar, samimiy muloqot, Tramp Shavkat Mirziyoyevga yo‘llayotgan tinimsiz maktublari, taklif xatlari, yuqori darajadagi tadbirlardagi ishtirok, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi ana shularning aniq isboti.
O‘zbekiston dunyoning barcha mamlakatlari, shimoldan to G‘arbgacha, Sharqdan Janubgacha – barchasi bilan o‘zaro teng va manfaatlik, pragmatik siyosat yo‘lini tanlaganining amaldagi isboti bu. Avvalgidek, kimnidir olabo‘ji qilib ko‘rsatib, faqat bir tomonning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirish, na siyosatan, na iqtisodiy foyda beradi. Bugun Suriyada ham, Iroqda ham, Afg‘onistonda ham odamlari bor O‘zbekistonning, hamkorlikka ochiq. Maqsad bitta – savdo rivojlansin, pul kelsin, odamlarning hayoti yaxshilansin.
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yil yakunida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tuzilgan edi. Kengashga O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Amerika tomonidan Prezidentning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamrais etib tayinlandi.
Tugayotgan hafta Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning AQSHga tashrifi bilan esda qolmoqda. 6 aprel kuni poytaxt Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Kengash qo‘shma biznes tashabbuslari uchun mustahkam institutsional asos yaratishga qaratilgan. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Mirziyoyeva AQSHning Florida shtatidagi Prezident Donald Trampning Mar-a-Lago qarorgohida uning qizi Tiffani Tramp va Maykl Bulosning mehmon bo‘lgan. Qolaversa, Mirziyoyevaning Amerika Tashqi siyosati rahbari, Davlat kotibi Marko Rubio bilan biznes nonushta formatidagi uchrashuvi ham ahamiyatli. Unda tomonlar Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishini muhokama qilgan.
Mirziyoyevaga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida qo‘shma investitsiya platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. U AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh direktori Ben Blek bilan shu masalani muhokama qilgan. Korporatsiya O‘zbekistonga amerikalik sarmoyadorlarni jalb etishga ko‘maklashishi hamda investitsiyaviy xatarlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishi kelishilgan.
Ushbu tashkilot AQSH hukumatiga qarashli moliyaviy institut bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarda investitsiya va iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistondagi turli loyihalarni, xususan, qayta tiklanuvchi energiya (quyosh va shamol stansiyalari) va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun kreditlar ajratib keladi.
Darvoqe, Saida Mirziyoyevaning AQSHdagi uchrashuvlariga O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevaning shartnoma asosidagi konsultanti – Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari Nozima Davletova ham hamrohlik qilgan.
San’atkorlarga soliq
Bir necha kunlardan buyon o‘zbekistonliklar muhokama qilayotgan asosiy masala xonanda va boshlovchilarning to‘y va tadbirlardagi ishtirokidan soliq to‘lashiga oid yangi tartib bo‘lib turibdi. Ushbu loyiha hali kuchga kirmadi, hozircha taklif, xolos. Ammo kuchga kirmay turib, san’atkorlarning o‘zi qo‘pol qilib aytganda bir-birining go‘shtini yeyapti. Odamlar esa xonandalarning cho‘ntagidagi pulni sanash bilan ovora. Divandagilarga ish topildi, ijtimoiy tarmoq nafratli izohlar bilan to‘lib toshdi. Yulduz Usmonova-ku randalamay gapirgan gaplari uchun tarmoqda sazoyi qilinyapti.
“Agar biz isrof bo‘lsak, unda bizni davlat tadbirlariga chaqirmanglar. San’atkorlarni yo‘q qilinglar, san’atni o‘ldiringlar. Hammasini o‘zingiz o‘tkazavering. Hatto eng kam ishlaydigan san’atkor ham bitta qo‘shiq tayyorlash uchun qancha pul sarflashini bilasizmi?”, deydi Usmonova.
Aslida Yulduzning aytganlarida ham jon bor. O‘zbekistonda yiliga eng kamida 4-5 ta yirik davlat tadbirlari o‘tkaziladi. 14 yanvar, 8 mart, 21 mart, 31 avgust, 8 dekabr. Bular qatorida hali viloyatlarda o‘tkaziladigan festivallar, xorijiy oliy darajadagi mehmonlar sharafiga o‘tkaziladigan tadbirlar, konsertlar kiritilmagan. Va Yulduz Usmonova aytganidek, ushbu tadbirlarda ishtirok etish oldidan xonandalar maxsus qo‘shiq yozadi, libos tiktiradi, repetitsiya jarayonlarida ishtirok etadi, qancha pullik xizmatlardan mosuvo bo‘ladi. Aytaylik, Usmonova bitta to‘yga 2 ming dollarga boradi, qo‘rqmang, hammasini o‘zi yeb ketmaydi, atrofidagi eng kami 20 kishining ro‘zg‘origa kiradi bu pul. 40 yildan ortiq tajribaga ega, ming urilib, ming surilgan Usmonovaning katta tadbirda ishtirok etishi bahosi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Xo‘sh, davlat tadbirlari uchun ularga shuncha pul to‘lanadimi? Coliq to‘lanmasin, demayapmiz, to‘lashsin, lekin davlat ham ular aslida konsertlarda kerakmi yo yo‘q, buni aniq belgilab olsin. Kerak bo‘lsa, mehnatiga yarasha haqqini bersin. Keyin diydiyo qilmasin.
Voqealarni, san’atkorlar bir-birini g‘ajiyotganini zimdan kuzatib turgan Madaniyat vazirligi bu hafta tilga kirib, san’atkorlarni soliqqa tortishda yengillik so‘radi.
Bildirilishicha, Madaniyat vazirligi tomonidan hujjat loyihasining ayrim bandlari yuzasidan tegishli tartibda rasmiy e’tirozlar kiritilganiga qaramasdan ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Madaniyat vazirligi e’tiroziga ko‘ra, bugungi kunda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar uchun soliq to‘lash tartibi amaldagi qonunchilik asosida belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 iyuldagi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mazkur toifadagi shaxslar uchun daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan tartibda to‘lash mexanizmi joriy etilgan.
Ushbu tartibga asosan san’atkorlar har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lab kelmoqda. Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu miqdor 412 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, ular alohida yillik daromadidan deklaratsiya asosida 12 foiz miqdorida daromad solig‘i ham to‘laydi
“Demak, amaldagi tartibga ko‘ra, konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar soliq to‘lash tizimidan tashqarida emas. Ular uchun qonuniy soliq mexanizmi amalda mavjud va qo‘llanilmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugungi muhokamalarda ayrim holatlarda uchrayotgan “san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi” degan talqinlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, vazirlik davlat tadbirlariga jalb san’atkorlarning gonorarlari qonuniy tartibda to‘lab berilishi bo‘yicha ham aniq mexanizmlar belgilangani va to‘lab berilayotganini aytgan. Bundan chiqdi, Usmonovagacha bu pullar yetib bormaydimi yo qancha gonorar olayotganini bilmaydimi?
Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi tomonidan qaror loyihasining ayrim bandlariga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash, sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda qator normalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha taklif va e’tirozlar bildirilgan.
Soliqchilarning nazorat tadbirlari videotasvirga olinadi
Soliq mavzusidan uzoqlashmaymiz. Endilikda O‘zbekistonda soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari videotasvirga olinadi. Bu 9 aprel kuni “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tasdiqlandi.
Soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida soliq solish ob’ektlarini hisobga olish, xronometrajni ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchi ishchi va xodimlarining haqiqiy soni hamda soliq hisobotidagi aks ettirilgan ishchi va xodimlar soniga muvofiqligini tekshirish, nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tasvirga olinadi.
Shuningdek, tugayotgan haftada “Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026 yil 1 yanvardan soliqning 80 foizi respublika byudjetidan qaytarish belgilandi.
Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli. To‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.
Go‘sht importiga subsidiya ajratiladi
Yana bir muhim yangilik bor. Tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda subsidiya ajratiladi. Bu haqda Prezidentning 7 aprel kuni qabul qilingan “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
1 apreldan 1 avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm go‘sht uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda;
1 apreldan 31 dekabrga qadar xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Bog‘chalardagi hunarlar
O‘zbekistonda xususiy maktab va bog‘chalar paydo bo‘ldi-yu lekin ularning tizimi, standartlari paydo bo‘lgani yo‘q. Ularning ko‘plarida yana o‘sha ayrim davlat maktablaridan chiqqan qo‘li uzun, so‘kong‘ich, asabiy tarbiyachi va o‘qituvchilar ishlayapti. Ayrim xususiy bog‘chalar ta’lim dargohini emas, konslagerni eslatadi. Go‘yo falon million pul to‘lab, bolangizni do‘pposlashlari uchun olib borib berayotgandeksiz.
Etagingizni yig‘ishtirib oling, deyman o‘sha maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariyu rahbarlariga. Maqsad pul topish bo‘lsa, millatning bolasini tinch qo‘ying, bozorga chiqing. Kasal ham, illat ham, tahqirlov ham, zo‘ravonlik ham – hamma-hammasi bog‘chada! Sizgami ishondik bolamizni. Sizgami topshirdik nuridiydalarimizni. Qani qarshimga bir chiqing!
O‘sha bolani do‘pposlayotganlardan nafaqat birovning bolasiga tarbiya berish huquqini, balki o‘z bolasiga onalik huquqidan mahrum qilish kerak. Afsus, bizda bu amaliyot ishlamaydi, ishlatilmaydi, ishlatolmaymiz. Bolajon xalqmiz deb bong urishni bilamiz, lekin ne xorlik, ne xo‘rlik bo‘lsa ko‘ryapti bolalarimiz.
Bu hafta ham tarmoq bola yig‘isidan junbishga keldi. Navoiydagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi qaramog‘idagi bolalarni urib, do‘pposlab, haqoratlab, qiynagani aks etgan videoni siz ham ko‘rgandirsiz.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining bildirishicha, holat 7 aprel kuni sodir bo‘lgan, lekin maktabgacha ta’lim tashkiloti nomi ochiqlanmagan. Boyagi tarbiyachi nomiga noloyiq shaxs 23 yashar bundan avval ham qaramog‘ida bo‘lgan bolalarni o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyati cheklanganligi va ojiz ahvolda ekanligidan foydalanib, do‘pposlash va zo‘rlik ishlatib sodir etiladigan boshqa harakatlar bilan muttasil ravishda qiynab kelgani aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha Navoiy shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va fuqaro gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ohangaronda ham bog‘cha xodimaning tarbiyalanuvchi bolalardan biriga jismoniy kuch ishlatib, uni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagani aks etgan video tarqaldi. O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, tarbiya lavozimidan ozod etilgan.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust