Saida Mirziyoyeva xalqaro tashkilotlarda ishlaydigan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
10:16 1462 1 daqiqa
Kecha, 1 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Avstriya davlatining poytaxti Vena shahrida xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Administratsiya rahbarining ta’kidlashicha, o‘zbekistonliklar o‘z mehnati, bilimi va mas’uliyatliligi bilan mamlakatiga bo‘lgan ishonchni yuksaltirib, vatanidan uzoqda bo‘lishlariga qaramay, O‘zbekiston bilan mustahkam aloqani saqlab qolmoqda.
“Bu kabi uchrashuvlar har safar o‘zgacha faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Yurtdoshlarimiz yuqori kasbiy mahorati bilan xalqaro maydonda o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘layotgani hamda global vazifalar yechimida faol ishtirok etayotganini ko‘rish kishini ruhlantiradi, quvontiradi”, degan Mirziyoyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, malakali mutaxassislar safi yanada kengayishi juda muhim. Shu bilan birga, Saida Mirziyoyeva xalqaro tajriba orttirishni, professional jihatdan o‘sishni, O‘zbekiston hamda jahonga naf keltirishni istaydigan yosh o‘zbekistonliklarni doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Venada BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) ijrochi direktori etib yangi tayinlangan Monika Juma bilan uchrashgan edi.
Live
Barchasi