Mirziyoyev O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif qildi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023 3515 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mamlakatda kelgusi yili Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biri.
“Keyingi yillarda bu borada katta tajriba to‘plandi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqa davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi.
Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etilgan.
Shuningdek, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi qayd etilgan.
“Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, birgalikdagi ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Live
Barchasi