Mirziyoyev senatorning vafoti munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi
Jamiyat
−
07 iyun 7377 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 iyun kuni taniqli fermer, “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xo‘jaligining raisi, jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipovning 74 yoshida vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident o‘z ta’ziya xatida Latipovning mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidlagan.
“Azim Latipov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida doimo el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. U uzoq yillar davomida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining a’zosi, Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga, hududda keng ko‘lamli obodonchilik ishlarini olib borishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga katta hissa qo‘shdi”, deyiladi xatda.
Prezidentning ta’ziya xatida qo‘shimcha qilinishicha, fermerning xalq oldidagi xizmatlari munosib taqdirlangan.
“Azim Latipovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali hamda vatanimizning oliy nishoni – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli fermer, taniqli jamoat arbobi, kamtarin va olijanob inson Azim Latipovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xatda.
Ma’lumot uchun, Azim Latipov 1951 yil 6 iyun Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tavallud topgan. Mehnat faoliyatini 1971 yilda chorvachilik mexanigi sifatida jamoa xo‘jaligida boshlagan. Buxoro viloyatida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik sohalarda faoliyat yuritgan. Dehqonchilikda esa eski qovun navlarini qayta yaratish, hosildorlikni oshirish kabi faoliyat bilan ham shug‘ullangan. 1996-2007 yilarda Buxoro jamoa xo‘jaligi lavozimida faoliyat yuritgan.
1996 yilda “Shuhrat medali“, 2002 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Uch bora O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga saylangan. 2004-2019 yillarda Senatning Agrar, suv masalalari va экология qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib borgan. 2004 yildan Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 may kuni Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti Matematik analiz kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, taniqli matematik olim Azimboy Sa’dullayevning 78 yoshida vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirgandi.
Live
Barchasi