Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentiga qo‘ng‘iroq qildi
Jamiyat
−
24 dekabr 2024 2827 1 daqiqa
Bugun, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tavallud kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, hududiy yaxlitligini tiklash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy rolini alohida ta’kidlagan.
Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqqan.
“Joriy ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish yilida birgalikda qilingan ishlar samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur’atda o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari faol bosqichda. Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik maktubi ham yo‘llagandi.
Live
Barchasi