Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy ID-kartalarini tan olishni taklif qildi
Jamiyat
−
09 avgust
3556O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy ID-kartalarini o‘zaro tan olish taklifini ilgari surdi. Bu haqda u bugun, 9 avgust kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida so‘z ochdi.
Bildirilishicha, turizm sektori mintaqaviy hamkorlikning yangi drayveriga aylanib bormoqda. Mamlakatlardagi ichki mintaqaviy turistik oqim ulushi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi.
Davlat rahbari turistik almashuvni kengaytirish maqsadida “Bitta tur — butun mintaqa” tamoyili bo‘yicha milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqish masalalarini o‘rganib chiqishni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
“Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Mintaqa mamlakatlari samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal eta boshlagani ta’kidlandi. O‘zaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi.
“Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari faxriy nishoni” bilan taqdirlangandi.
LiveBarchasi