Mirziyoyev Guterrish bilan uchrashdi
Jamiyat
−
05 avgust 3962 5 daqiqa
BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va UNICEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtai nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro savdoda ishtirok etish, transportdan foydalanish va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunday davlatlar qatoriga 32 mamlakat, jumladan, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Boliviya, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Chad va boshqalar kiradi. O‘zbekiston ham ana shunday davlatlardan biridir. Mamlakat eng yaqin dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlat hududini kesib o‘tishi kerak. Bularning barchasi transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish zarurligini taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida muhim sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ochadi. Birinchi konferensiya Olmaotada (2009), ikkinchisi Venada (2014) bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi BMT bilan hamkorlikka tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraydi. Barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa masalalar tashkilot doirasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Keyingi yillarda BMT bilan ko‘p qirrali hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, aloqalarning yuqori sur’ati shundan dalolat beradi. Xususan, BMT Bosh kotibi O‘zbekistonga ikki marta (2017 va 2024 yillarda) kelgan. 2024 yilda BMT rahbari dunyoda birdamlikni faol targ‘ib qilgani, BMT faoliyati samaradorligini oshirgani hamda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlagani uchun oliy darajadagi "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, uchta oliy darajadagi uchrashuv – BMT Bosh Assambleyasining 72- va 78-sessiyalarining umumiy munozaralarida ishtirok etish doirasida (2017 yil sentyabr va 2023 yil, Nyu-York shahri) va "Bir makon, bir yo‘l" 2-xalqaro forumi doirasida (2019 yil aprel, Pekin shahri) tashkil etildi.
O‘zbekiston rahbari, o‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75-, 76- va 78-sessiyalarida hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi Segmentida nutq so‘zladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston BMT faoliyatining barcha sohalarida faol ishtirok eta boshladi. Nisbatan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
"Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" (2018 yil iyun), "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" (2018 yil dekabr), "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida" (2021 yil may), "Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risida" (2022 yil iyul), "Xalqaro sivilizatsiyalararo muloqot kuni" (2024 yil iyun) va boshqalar shular jumlasidandir.
Qabul qilingan rezolyutsiyalar atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘zaro bog‘liqlik, ta’lim va boshqa shu kabi bugungi kunning eng dolzarb masalalarini qamrab oladi. Ularning ma’qullanishi O‘zbekistonning tashqi siyosiy yo‘li jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
Mavjud muammolarga qaramay, BMT tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan yagona universal xalqaro tashkilot bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonning BMT faoliyatidagi faol ishtiroki, birinchi navbatda, shu maqsadga qaratilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizning BMT doirasidagi faolligi oshgani Toshkentning faol tashqi siyosat yo‘nalishi ko‘rsatkichidir. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishini yumshatish va uning oqibatlariga moslashish, inson, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish kabi turli masalalar bo‘yicha ishlashga tayyorligini bir necha bor namoyish etgan.